Toshkentda Inxa Universiteti magistraturasi ochiladi

O‘zbekiston 23:17 / 21.11.2017 6671

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha vazir vazifasini bajaruvchi Sherzod Shermatov va Toshkent shahridagi Inxa Universiteti rektori Sarvar Boboxo‘jayev Koreya Respublikasidagi Inxa Universiteti prezidenti Sunya Choy xonim bilan muzokaralar o‘tkazishdi. 

Uchrashuv davomida tomonlar istiqboldagi hamkorlik va Toshkent shahridagi Inxa Universiteti ta'lim dasturlarini kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi. Xususan, bakalavr bosqichidagi elektron biznes bilan bog‘liq yo‘nalishlarni kengaytirish zarurati qayd etildi, zero kompyuter bilimlari va logistika boshqaruvi bo‘yicha mavjud baza mazkur yo‘nalishlarni ochish uchun shart-sharoitlar yaratmoqda. Bundan tashqari, Toshkent shahridagi Inxa Universitetida magistratura bo‘limini ochishga doir ishlar zarurati ta'kidlandi. 

Shuningdek bugungi kunda Koreyada ta'lim olayotgan Toshkentdagi Inxa Universitetining so‘nggi bosqich talabalari bilan uchrashuv o‘tkazildi. 

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, ikki universitet vakillari Toshkent shahrida Inxa Universiteti magistraturasini ochish va Toshkentdagi Inxa Universiteti talabalariga Janubiy Koreyadagi Inxa Universiteti magistraturasida ta'lim olish uchun uch grant taqdim etishga doir protokolni imzolashdi.

Janubiy Koreya Inxa Universiteti Tibbiyot maktabi rahbariyati bilan uchrashuv davomida ularga kelgusida Toshkent shahrida o‘z bo‘limini ochish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklifi berildi. Inxa Universiteti Tibbiyot maktabi, shu jumladan uning klinikasini ochish bo‘yicha ishchi guruh tashkil qilishga kelishib olindi.

Ko‘proq yangiliklar: