Tencent bozor narxi 500 mlrd dollardan oshgan Osiyoning ilk kompaniyasi bo‘ldi

Iqtisodiyot 18:58 / 21.11.2017 6391

Xitoyning Tencent Holdings Ltd. kompaniyasi aksiyalari narxi joriy yilda 2 barobardan ko‘proqqa oshdi. Buning natijasida internet-gigant bozor narxi 500 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil qiluvchi kompaniyalar qatoridan joy oldi. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi xabar bermoqda. 

21 noyabrda Hongkong fond birjasidagi savdolar natijalariga ko‘ra Xitoy telekommunikatsion kompaniyasining aksiyalari 4 foizga oshib, uning bozor narxini 3,99 trln Hongkong dollariga (510 mlrd dollar ) yetkazdi. Shu tariqa, WeChat messenjeri, TenPay to‘lov xizmati va QQ Games o‘yin portaliga egalik qiluvchi kompaniya Jyek Maning Alibaba Group Holding Ltd. kompaniyasini ortda qoldirib, Osiyo va jumladan, Xitoyda bozor narxi 500 mlrd dollardan oshgan ilk kompaniya bo‘ldi. 2-o‘rinni 475 mlrd dollarlik kapitallashuv bilan Alibaba egallamoqda. Tencent’ning aksiyalari o‘sishda davom etishi mumkin. Tencent yaqin orada bu borada AQShning Facebook kompaniyasini (bozor narxi 520 mlrd dollar) ortda qoldirishi ham mumkin. 

Avvalroq Tencent iyul-sentabr oylarida tushumi 61 foizga, ya'ni 65,2 mlrd yuangacha (9,8 mlrd dollar) oshganini e'lon qilgan. Tushumning oshishi kompaniya uchun 2010 yildan maksimal bo‘ldi. Kompaniyaning 3-chorakdagi sof daromadi 69 foizga oshib, 18 mlrd yuanni tashkil qilgan.  

Tencent bulutli texnologiyalar, moliyaviy xizmatlar, filmlar va musiqa hisobiga o‘z o‘sishining yangi manbalarini o‘rganmoqda.

Bungacha bozor narxi 500 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil qiladigan kompaniyalar 5 ta edi, bular: Apple, Alphabet, Microsoft, Facebook va Amazon.

Ko‘proq yangiliklar: