«Yulduz». Zlatan Ibrahimovichning eng to‘g‘ri qarori haqida

Sport 10:30 / 20.11.2017 15094

Futbolda «yulduz» kalimasi juda ko‘p ishlatiladi. Yaxshi futbolchilargami, mashhurroqlargami, tanilganlargami, ko‘p gol urganlargami, sevimli futbolchilargami, umuman bu atamaning aniq qo‘llanilish formulasini bilmayman. Ba'zilarning bu ta'rifga tushishlari biroz bahsli, ba'zilar uchun esa, uzukka ko‘z qo‘ygandek...

«Futbolni oqsoqlanib tark etishni istamadim»

O‘ttiz yetti yoshida og‘ir jarohat olib, maydonni tark etgan Zlatan Ibrahimovichdan yana futbolga qaytmoqchi bo‘layotgani sababini so‘rashganda, u shunday javob bergan edi. Oradan yetti oy o‘tib, shanba kuni u «Nyukasl»ga qarshi o‘yinda zaxiradan maydonga tushirildi.

Gol urmadi. Jamoasining biror goliga hissa qo‘shmadi. Umuman, u o‘yinga tushganida, barchasi hal bo‘lib ulgurgandi. Zlatan hech qanday qahramonlik ko‘rsatmadi.

Ammo men bu maqolani aynan Zlatan maydonga qaytgan paytda yozishni niyat qilgandim. Niyat qilayotganimda, Zlatan maydonga tushadigan ilk o‘yinida qahramon bo‘la olmasligi mumkinligini ham bilganman. Futbol olamida jarohatlanganlar ham, undan keyin tiklanib, futbolga qaytganlar ham juda ko‘p. Bu ham muhim emas. Aslida, uning butun futbolchilik paytidagi eng muhim qarori haqida yozmoqchi bo‘ldim.

Ibrahimovich jarohatidan tiklanayotgan bir paytda, «Manchester Yunayted» bilan hali shartnoma imzolamagandi. Unga juda ko‘p takliflar berildi. Amerikadan, Xitoydan, Italiyadan. Masalan, xitoyliklar unga haftasiga bir million funt maosh taklif etishdi. Tasavvur qilyapsizmi? Yuqorida aytilgan yoshga borib qolgan, futbolda deyarli hamma narsani yutib, o‘z imzosini o‘chmaydigan tarzda qo‘yib bo‘lgan hujumchi bu taklifga rozi bo‘lishi mumkin edi. U kabi futbolchi Xitoyda ortiqcha shug‘ullanmay turib ham, yulduz bo‘lishi, oladigan pullarini oqlashi mumkin. Hech kim ayblamasdi ham uni. Hech kimdan qarzi yo‘q. Undan yoshroq va futbolda yana uzoqroq qolishi mumkin bo‘lgan Oskar, Teves kabi futbolchilarning allaqachon o‘sha yerlardan qo‘nim topganliklarini bilamiz-ku. 

Ammo u taklifni rad etdi va manchesterliklar bilan yangi shartnoma tuzdi. Endi u haftasiga 125 ming funt maosh oladi. Qariyb yetti barobar kamroq. Bu maqola Zlatanning «Manchester»ga bo‘lgan sadoqati haqida ham emas. Axir Zlatan juda ko‘p jamoalarda o‘ynab chiqqan, uning sadoqat haqidagi tushunchasi biz bilgan ma'nosidan biroz farq qiladi, buni ham bilamiz.

U xitoyliklarga rad javobini berib, butunlay boshqa narsaga - o‘z qadriyatlariga sadoqatini namoyish qildi. Bu yanada buyukroq, shunday emasmi?

Qadriyatlar nima? Ular nimaning hisobiga yashaydilar, bilasizmi? Aytaylik, yaxshilik va yomonlik haqidagi o‘lchovlar, qadriyatlar azaldan mavjud. Hamma biladi. Ko‘chada har qanday odamni to‘xtatib, bu haqida so‘rasangiz, chiroyli qilib javob beradi. Ammo bu qadriyatlar amalda yashashi uchun faqat bilishning o‘zi kifoya qilmaydi, doimo bu o‘lchovlar asosida yashaydigan, bularni o‘z amallarida, hayotida tatbiq eta oladigan insonlar borki, o‘sha qadriyatlar tirikdir. Aks holda, odamlar bir kun to‘planishib, «bunga amal qilish mumkin emas» yoki «hech kim bunday yashay olmaydi» degan qarorga kelishlari, insoniyat uchun yanada osonroq hayot tarzini balki bizga meros qilib qoldirishlari va balki biz bilgan yaxshiliklar yaxshilik sifatida bizgacha yetib kelmasligi ham mumkin edi. Tasavvur qilyapsizmi?

«Haqiqiy detektiv» nomli yaxshi serial bor. Film davomida Marti Hart va Rast Koul, ikki izquvar birgalikda jinoyat olamiga qarshi kurashadilar. Ushbu serialning so‘nggi sahnasi esa, shedevr. Marti va Rast qorong‘u kechada o‘tirib, hayot falsafasi haqida gaplashib qoladilar:

«Osmonga bir qaragin, qop-qora osmon va ular orasida yorug‘ yulduzlar... Dunyo azaldan zulmat va yorug‘lik o‘rtasidagi kurashdan iborat», - deb sherigiga osmonni ishora qiladi Rast.

Marti javob beradi:

- Ha, lekin bu kurashda qorong‘ulik katta farq bilan oldinda boryapti ekan-ku.

Rast:

- Yo‘q, sen tushunmapsan. Eng boshida hammayoq qorong‘u bo‘lgan, endi esa... Demak yorug‘lik g‘alaba qozonyapti...

Agar futbol olamini qorong‘u osmonga o‘xshatsak, shubhasiz, Zlatan yulduzlardan biridir.

 

Qahramon Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: