Turkiya NATOdagi a'zoligini qayta ko‘rib chiqishi mumkin

Jahon 21:40 / 20.11.2017 6918

Turkiya prezidenti maslahatchisi Yalchin Topchuning aytishicha, Anqara Norvegiyadagi mashg‘ulotlar vaqtida yuz bergan voqeadan keyin NATOda a'zoligini qayta ko‘rib chiqishi kerak. NATOning Norvegiyadagi mashg‘ulotlarida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va bu mamlakat asoschisi Mustafo Kamol Otaturk suratlari shartli raqiblar suratlari sifatida qo‘llangandi. 

“Biz uchun NATOdagi a'zoligimizni qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi. Bu tuzilma barcha ko‘rinishlar orqali o‘z ishtirokchisiga dushmanona munosabatni namoyish qilmoqda. Bizning alyansda bo‘lishimiz Turkiyaning Buyuk milliy yig‘inida ko‘rib chiqilishi kerak”, deb aytgan Topchu.

Topchuning aytishicha, yuz bergan voqea javobsiz qolmasligi lozim. Uning ta'kidlashicha, Turkiya kutish mumkin bo‘lmagan joydan hujumlar, tahqirlashga uchramoqda.

“Bu NATO tomondan Turkiyaga nisbatan vijdonsiz xatti-harakatdir. Bizning bu tashkilotda bo‘lishimiz masalasi buyuk turk millati uchun shubhaga aylandi. Bu 2019 yil (Turkiyada prezidentlik va parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi) uchun masaladir. Millat sifatida biz har qachongidan prezidentimizga sodiqmiz, bu nomaqbul va muvaffaqiyatsiz reydlar, bu beshafqat hujumlar kelajagimizga putur yetkaza olmaydi”, deb aytgan Topchu.

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg va Norvegiya mudofaa vaziri Frank Bakke-Yyensen bo‘lib o‘tgan voqea uchun Turkiya prezidentidan uzr so‘rashgan. Bakke-Yyensenning aytishicha, ushbu voqea bir odam deb yuz bergan va bu odam ishidan chetlatilgan.

Ko‘proq yangiliklar: