Korrupsiyaga qarshi kurashda barcha birdek mas'ul

Jamiyat 20:34 / 20.11.2017 11528

«Davlat organlari tadbirkor tayanchi: korrupsiyaga yo‘l yo‘q!» Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasida huquq-tartibot idoralari, jamoat tashkilotlari vakillari hamda soliq organlari xodimlari va tadbirkorlik sub'yektlari vakillari ishtirok etgan ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan tadbir shunday nomlandi, deb xabar beradi KUN.UZ’ga viloyat davlat soliq boshqarmasining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi.

Joriy yilning 28–29 sentabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyev Samarqand viloyati fuqarolari bilan o‘tkazgan «Sayyor qabul» uchrashuvlarda 585 nafar fuqaroning 93 ta murojaati ro‘yxatga olingan edi. Mazkur murojaatlardan 12 tasi korrupsiya holatlari bo‘yicha, 2 tasi esa tizim xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan berilgan og‘zaki hamda yozma murojaatlari hisobiga to‘g‘ri keladi.

Ushbu holatlar yuzasidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazilib, to‘plangan hujjatlar qonuniy ko‘rib chiqish uchun viloyat prokuraturasiga yuborilgan.

Darhaqiqat, mamlakatimizda tadbirkorlarga har tomonlama qulay sharoitlar yaratib berilmoqda. Ammo ba'zi tadbirkorlar qonuniy faoliyat yuritishdan ko‘ra, qonunni chetlab ko‘proq foyda ko‘rishga urinishadi. Buning uchun davlat soliq xizmati xodimlarini pora evaziga sotib olishga harakat qilishadi. Ba'zi xodimlar esa tadbirkorlarning o‘z haq-huquqlarini  yaxshi bilmasliklaridan foydalanib tamagirlik qilishga harakat qilishadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, korrupsiya holatlari turli sabablar va holatlarda vujudga keladi.

Tadbirda soliq to‘lovchilar va davlat organlari xodimlari, xususan, davlat soliq xizmati organlari xodimlari o‘rtasida korrupsiya, poraxo‘rlikka oid holatlarning yuzaga kelishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi. Tadbirga taklif etilgan sud, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, tegishli tashkilotlarning xodimlari va tadbirkorlik sub'yektlari vakillari bilan birgalikda davlat soliq xizmati organlarida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga chek qo‘yish masalasini muhokama etishdi. Mazkur illatga oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik prinsipini ta'minlash, har bir jinoiy harakat va harakatsizlik uchun jazoning muqarrarligi tushuntirib o‘tildi.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. Endilikda tadbirkorlar faoliyatiga aralashuvlar tubdan qisqaradi. Bu sohada huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini ta'minlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmaslik davlat organlarining birinchi darajali vazifasi sifatida belgilanganligi haqida ham tushuncha berildi.

— Ochiq muloqot barcha uchun samarali bo‘ldi, — deydi yakka tartibdagi tadbirkor Eldor Tursunov. — O‘zimni qiziqtirgan savolga javob olishdan tashqari, huquqiy bilimim oshdi.  Shuningdek, korrupsiya, uning tub ildizi, mazkur illatga qonunchilikda belgilangan jazolar to‘g‘risida to‘liq ma'lumotga ega bo‘ldim.

Tadbirda qatnashchilarni qiziqtirgan savollarga malakali xodimlar tomonidan atroflicha javoblar, ularni qiynayotgan muammolarning yechimi bo‘yicha huquqiy maslahatlar beriladi.

Bu kabi tadbirlar barcha shahar va tuman davlat soliq inspeksiyalarida ham o‘tkazildi.

Ko‘proq yangiliklar: