Yoshlar ittifoqining Samarqand viloyat kengashi raisi yoshlarga murojaat yo‘lladi

Jamiyat 19:40 / 20.11.2017 11155

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Samarqand viloyat Kengashi raisi Rustam Qobilov viloyatda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida samarqandlik yoshlar va ularning ota-onalariga murojaat yo‘lladi. 

KUN.UZ’ga kelib tushgan murojaat matnida shunday deyilgan:

«Aziz yoshlar! Hurmatli ota-onalar!

Bugun dunyoda sodir etilayotgan turli xil terroristik harakatlardan xabaringiz bor. Bularni sodir etganlar ichida yoshlar ham borligi juda ham ayanchlidir.

Ma'lumki, O‘zbekistonda yoshlar uchun juda katta imkoniyatlar yaratib berilgan. Bu imkoniyatlardan foydalangan yoshlar sport, fan, ta'lim, madaniyat va boshqa sohalarda yuksak natijalarni qo‘lga kiritishmoqda.

Afsuski, viloyatimizda bu imkoniyat va sharoitlardan unumli foydalanmay, adashib huquqbuzarlik va jinoyat sodir etayotgan yoshlarimiz ham uchramoqda. Bu biz uchun juda katta isnod, juda katta sharmandalikdir.

Maktabga, kollejga darsga bormay, ota-ona nazoratisiz internet klublarda, tungi restoranlarda sayoq yurgan yoshlar o‘z kelajagiga bolta urishmoqda. O‘z kelajagi yo‘lini o‘zi to‘sib qo‘ymoqda. Bilmay o‘g‘irlik, tovlamachilik, bosqinchilik va boshqa turdagi og‘ir jinoyatlarga qo‘l urib, guldek umrini xazon qilmoqda. 

Aziz yoshlar!

Biz avvalo, o‘z taqdirimizga, qolaversa, tengdoshlarimiz taqdiriga befarq bo‘lmaylik. Bizning kelajagimiz bugundan boshlanadi.

Tahlillar natijasiga ko‘ra, aksariyat jinoyatlar bekorchilik sabab sodir etilmoqda. Bo‘sh vaqtimizni bilim olish, kasb-hunar egallash va foydali mehnatga sarflaylik. Bizdan, voyaga yetkazgan ota-onamizning, non-tuz berib katta qilayotgan Vatanimizning umidi katta.

Biz — O‘zbekiston yoshlar ittifoqi yoshlarimizning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni ish bilan ta'minlash uchun mas'ulmiz. Bu borada biz yoshlar uchun barcha imkoniyatlarni yaratib beramiz. Bu imkoniyatlardan unumli foydalaning!

Aziz yoshlar! Samarqandda yoshlar o‘rtasida xuquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olishda birlashaylik. Tengqurlarimiz kelajagiga befarq bo‘lmaylik. Ota-onamiz va Vatanimiz ishonchini oqlaylik.

Hurmatli ota-onalar!

Har birimiz farzandimizning tarbiyasi uchun mas'ul ekanimizni unutmaylik. Zero, farzand ota-onaning yuzi, uning or-nomusidir. Farzandingizning kim bo‘lishi, avvalo sizga bog‘liq. Har bir ota-ona Prezidentimiz aytgan «O‘z bolangni o‘zing asra!» degan so‘zlarni o‘zimizga shior qilib olaylik».

Ko‘proq yangiliklar: