Arab Ligasi Hizbullohni “terrorchilik tashkiloti” deya qoraladi

Jahon 09:34 / 20.11.2017 6230

Saudiya Arabistoni Eronning arab dunyosidagi kuchayib borayotgan ta'siriga qarshi kurashini kuchaytirdi. U shu maqsadda 19 noyabr kuni Arab Ligasiga a'zo 22 davlatni Eronning Livandagi ittifoqdoshi Hizbulloh tashkilotini “terrorchi tashkilot” deb qoralashga undadi. 

Arab mamlakatlarining tashqi ishlar vazirlari Liganing Qohiradagi bosh qarorgohida Saudiya Arabistoni tomonidan chaqirilgan favqulodda majlisga to‘planishdi. Livanning tashqi ishlar vaziri Jibron Bassil mazkur yig‘ilishga kelmadi. 

Iroq TIV rahbari Ibrohim al Ja'fariy ham majlisda qatnashmagan. Aytish joizki, Eron va AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya Bag‘dodning IShIDga qarshi urushida asosiy qo‘llab-quvvatlovchilari bo‘ldi. 

“Biz barchaning mas'ul bo‘lishini xohlaymiz”, - degan Bahrayn tashqi ishlar vaziri Xolid bin Ahmad al Xalifa. – Biz Livan kabi hukumatda Hizbulloh sherikchilik qiladigan mamlakatlarni nazoratga olishni istaymiz”. Al Xalifaning da'vo qilishicha, Livan “ushbu terrorchi guruh tomonidan butunlay nazorat qilinmoqda”.

Bahrayn tashqi ishlar vazirining bayonotini sharhlagan Bayrutdagi Amerika universiteti professori Rami Xuriyga ko‘ra, "Hizbulloh, ayni vaqtda, Livandagi eng kuchli siyosiy guruhdir. Bu ayniqsa konsensus talab qilinadigan holatlarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Biroq Hizbulloh to‘liq nazorat qilinmaydi”.

Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistoni va Eron o‘rtasidagi so‘nggi keskinlik kuchayishiga 4 noyabrdagi hodisalar sabab bo‘ldi. O‘shanda Yamandagi Eron qo‘llab-quvvatlaydigan isyonchi husiylar Ar Riyod xalqaro aeroporti tomon ballistik raketa uchirdi. Saudiya Arabistoni ushbu zarbada Hizbulloh va Eronni aybladi. Ular, o‘z navbatida, bu ayblovni rad etdi. Qayd etish jizki, Saudiya podshohligi va Eron o‘rtasidagi munosabatlar 1979 yilgi Eron inqilobidan so‘ng havas qilgulik emas. 

Saudiya Arabistoni o‘z tashabbusi bilan chaqirilgan majlisda Eron bilan mustahkam aloqalarga ega bo‘lgan Hizbullohni jiddiy tarzda aybladi. Podshohlikning Ko‘rfaz masalalari bo‘yicha vaziri Tamar Sabah ogohlantirib, Livan “yo tinchlikni yoki Hizbullohning siyosiy boshqaruvida yashashdan birini tanlashi kerak”, degan fikrni ilgari surdi. 

Ammo, hozircha, Arab Ligasining 19 noyabrdagi yig‘ilishi aniq harakatlarga aylanadimi-yo‘qmi, biror narsa deyish qiyin. Ma'lumki, Liga amal qilinmaydigan rezolyutsiyalar va kommyunikelar qabul qilish bilan cheklanadigan tashkilot ekanligi bilan mashhurdir. Biroq Arab Ligasi ilk bor Hizbullohga qarshi shunday jiddiy qarshi turmoqda. 

Eron tashqi ishlar vaziri Javad Zarif favqulodda yig‘ilishga o‘z fikrini bildirar ekan, “afsuski, Saudiya Arabistoniga o‘xshash mamlakatlar turli xilliklarni barpo qilayotgani sababli guruhlardan boshqa narsani ko‘rmayapti”. 

Ko‘proq yangiliklar: