Jahon banki O‘zbekistondagi sanoat korxonalarining energosamaradorligini oshirishga ko‘maklashmoqda

Iqtisodiyot 01:08 / 18.11.2017 6305

Toshkent shahrida O‘zbekiston sanoat korxonalarida energiya tizimlarini boshqarishning xalqaro standartlarini joriy qilish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Uning tashkilotchilari - Jahon banki va Iqtisodiyot vazirligi bo‘ldi. Tadbirda 50dan ziyod ishtirokchi - vazirlik va idoralar, yirik sanoat korxonalari, davlat neft-gaz, avtomobilsozlik, kimyoviy, temir yo‘l, paxtachilik va yengil sanoat kompaniyalari, shuningdek ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy o‘quv muassasalarining   rahbarlari qatnashishdi. 

Bugungi kunda sanoat sektori energiya iste'moli hajmi bo‘yicha uy-joy sektoridan keyin ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Sanoatning ko‘p energiya sarflovchi tarmoqlari, eskirgan ishlab chiqish jarayonlari, samarasiz uskunalar va tizimli monitoring hamda sanoat obektlarida energiyadan foydalanish nazoratining yo‘qligi milliy energiya sarfining asosiy omillaridir.

Energiyadan samarali foydalanish vositalarni tejashga, tabiiy resurslar iste'molini kamaytirishga va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga ko‘mak beradi. Xalqaro ISO 50001 standarti barcha sohadagi tashkilotlarga energetik menejment tizimini (EMT) joriy qilish orqali energiyadan yanada samarali foydalanish imkonini beradi. Mamlakat korxonalarida EMTni joriy qilish 2015 yilning may oyida O‘zbekiston Prezidentining 2343-sonli qarori bilan tasdiqlangan edi. O‘shandan buyon mamlakatning 24 korxonasi xalqaro ISO 50001 standartiga muvofiqlik sertifikatidan o‘tgan.

2016 yilning martida Jahon banki va Iqtisodiyot vazirligi KGGTF qo‘llab-quvvatlashi ostida O‘zbekiston korxonalarida xalqaro ilg‘or tajriba asosida EMTni joriy qilishga doir boshlang‘ich dasturni yo‘lga qo‘yishgandi. Dastur Jahon bankining O‘zbekistonda energosamaradorlik darajasini oshirishga yo‘naltirilgan tashabbusining bir qismi hisoblanadi.

"Bugungi kunda Jahon banki biz tomonimizdan moliyalashtirilayotgan mahalliy sanoat korxonalarining energosamaradorligini oshirish va O‘zbekistondagi elektr energiya yetkazuvchi tarmoqlar modernizatsiyasiga yo‘naltirilgan loyihalar doirasida mamlakat hukumatining energiya xarajatlarini kamaytirishga doir sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlab, 275 ming AQSh dollari ajratdi. Biz boshlang‘ich dasturning ham mazkur maqsadga erishishga o‘z ulushini qo‘shayotganidan xursandmiz", - dedi Jahon bankining energetika masalalari bo‘yicha katta mutaxassisi Feng Lyu.

EMT masalalariga bag‘ishlangan seminar davomida Jahon banki ekspertlari va boshlang‘ich dasturda qatnashgan sanoat korxonalari vakillari ishtirokchilarni bugunga qadar olingan natijalar bilan tanishtirishdi. 

2016 yilda "Bekobodsement" AJ boshlang‘ich dasturning ilk ishtirokchilaridan biri bo‘lgandi. Aktsiyadorlik jamiyati vakillari seminar ishtirokchilari oldida o‘z tajribalari bilan bo‘lishishdi. 

Tadbir ishtirokchilari AQSh va Xitoy korxonalarida EMTni joriy qilishga doir ilg‘or xalqaro tajribalar bilan tanishtirildi. Shuningdek mamlakatning yirik sanoat korxonalarida energotizimlar boshqaruvida xalqaro standartlarni joriy qilishga doir milliy siyosat rivoji istiqbollari haqida fikr almashildi. 

Hozirda Jahon banki O‘zbekistonda 2 milliard AQSh dollariga teng 16 loyihani amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ushbu loyihalar qishloq xo‘jaligi va suv resurslarini boshqarish, energetika, transport, sog‘liqni saqlash, ta'lim, shaharsozlik, suv ta'minoti va sanitariya kabi ustuvor sektorlarni qamrab olgan.

Ko‘proq yangiliklar: