«O‘zbekzargarsanoati» assotsiatsiyasi tashkil etildi

O‘zbekiston 09:58 / 18.11.2017 18320

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi zargarlik sanoatini 2018-2020 yillarda yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi.

Hujjat bilan Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O‘zbekiston Zargarlar assotsiatsiyasining O‘zbekiston Zargarlik sanoati assotsiatsiyasini («O‘zbekzargarsanoati») tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

«O‘zbekzargarsanoati» assotsiatsiyasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

O‘zbekiston Respublikasi turli hududlarida zargarlik san'atining asrlar davomida shakllangan an'analarini saqlab qolish va rivojlantirish;

zargarlik sohasini rivojlantirishning qabul qilingan chora-tadbirlar dasturini amalga oshirishni muvofiqlashtirish, yagona ilmiy-texnikaviy, texnologik, investitsiyaviy va eksport siyosatini izchil amalga oshirish;

tayyor zargarlik buyumlari ishlab chiqarish hajmini va sifatini oshirish bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish, uning dizaynining eng talabgir yo‘nalish va texnologiyalarini o‘zlashtirish, zargarlik buyumlarini xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlash va standartlashtirishni ta'minlash, sifatni boshqarishning zamonaviy usullarini keng joriy etish;

sotish bozorlarini kengaytirish bo‘yicha marketing tadqiqotlari, ichki va tashqi bozorlarda zargarlik buyumlari narxlarini kuzatish, zargarlik buyumlari eksportini oshirish, zargarlik buyumlari narxini aniqlashning maqbul mexanizmini ishlab chiqish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

boy tajribaga ega ehtimoliy   investorlar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarni jalb etish kabilar.

Qayd etilishicha, «O‘zbekzargarsanoati» assotsiatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Iqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, investitsiyalar, bank va moliya tizimini isloh qilish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari kompleksi tarkibiga kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: