Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklar aniq ish joylari bilan ta'minlanadilar

O‘zbekiston 00:52 / 18.11.2017 38093

Rossiya davlat dumasining mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida o‘zbekistonliklarni Rossiya hududida vaqtinchalik mehnat qilishga tartibli ravishda qabul qilish va jalb qilish haqidagi hukumatlararo kelishuv haqidagi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi. Hujjat ratifikatsiya qilingandan keyin o‘zbekistonliklarga aniq ish joylari tashkil etiladi, ish beruvchi esa o‘zbekistonliklarning ishga joylashishi va bo‘shatilishi bo‘yicha javobgarlikka ega bo‘ladi.

“Bu kelishuv ishchi kuchini tartibli ravishda qabul qilishga imkon beruvchi mexanizmni ilk bor joriy qiladi”, deb aytgan Rossiya ichki ishlar vazirligining migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Valentina Kazakova. 

Qo‘mita raisi o‘rinbosari Valentina Kabanovaning fikricha, ushbu kelishuv muhojirlarni ish bilan ta'minlashni kafolatlovchi ilk hujjatdir va kelgusida bunday hujjatlar MDHning qolgan davlatlari bilan ham tuzilishi mumkin. 

Hujjatga ko‘ra, ish beruvchining taklifiga ko‘ra ishga qabul qilingan muhojir mehnat patentiga ega bo‘ladi. Bunday ishchilarga majburiy tibbiy sug‘urta xizmatlari taqdim qilinmaydi, muhojirlar faqatgina shoshilinch yordam olishlari mumkin bo‘ladi. Ishlab chiqarishda baxtsiz hodisa yuz bersa, muhojirlarning hayoti va salomatligi uchun ish beruvchi javobgar bo‘ladi.

Rossiyaga ishlagani borishni istaganlar rus tili, Rossiya tarixi va huquqlari asoslari bo‘yicha imtihonlarni O‘zbekistonda topshiradilar. O‘zbekistonda fuqaro sudlanganlikka ega emasligi yoki oxirigacha yetmagan sudlanmaganligi bor-yo‘qligi tekshiriladi hamda tibbiy ko‘rik tashkillashtiriladi. O‘zbekistonda hozirgi kunda Rossiyaga ishlagani ketgan fuqarolarning avtomatlashtirilgan elektron bazasi mavjud.

Rossiya tomoni esa o‘zbekistonliklarni sanitar-gigiyenik me'yorlarga mos yashash joyi, xavfsiz mehnat sharoitlari va pensiya sug‘urtasi bilan ta'minlashi shart bo‘ladi.  

Rossiya ichki ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiyada rasman ish bilan ta'minlangan 1 mln 455 ming muhojir yashaydi. Ulardan 765 ming nafari mehnat patentiga ega bo‘lgan o‘zbekistonliklardir. 2017 yil boshidan Rossiyada vaqtinchalik yashashga 60 ming, doimiy yashashga esa 29 ming o‘zbekistonlik ruxsat olgan.

Ko‘proq yangiliklar: