Koreyadagi startaplar tanlovida hamyurtimiz kumush sovrindoriga aylandi

Fan-texnika 20:30 / 18.11.2017 15665

2017 yil 14 noyabr kuni Seul global markazining xalqaro anjumanlar zalida Janubiy Koreyaning Adliya Vazirligi va Koreya ixtirolarni rivojlantirish assotsiatsiyasi (KIPA) tomonidan OASIS dasturi tashkil etildi. Mazkur dastur doirasida o‘tkazilgan “Koreyadagi chet elliklarning ixtiro va biznes startaplari” tanlovining final bosqichida hamyurtimiz Xojimuhamedov Jamshiddin o‘zining navbatdagi ixtirosi bilan 2-o‘rinni olib, kumush sovrinini qo‘lga kiritdi.

Avvalroq, Kun.uz nashri Seul shahridan bugungi qahramonimiz qo‘lga kiritgan yutuqlari haqida xabar bergan edi. 2016 yilda Xojimuxamedov Jamshiddin (Koreyada huquq sohasi bo‘yicha PhD nomzodi) va boshqa hamyurtimiz G‘ofurov Dilshodjonlar (Koreyada axborot tizimlarini boshqarish MIS sohasi bo‘yicha PhD nomzodi) Janubiy Koreyadagi OASIS (Overall Assistance for Startup Immigration System/ Chet ellik startapchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash) davlat dasturi orqali o‘z ixtiro va startaplari bilan ishtirok etib, oxirgi bosqichda ularning har biri bronza sovriniga sazovor bo‘lishgan edi.

Jamshiddin hamda Dilshodjonlar tomonidan yaratilgan ixtirolarni Koreyada patentlash uchun tegishli hujjatlar tayyorlanib, bu bilan bog‘liq boshlang‘ich harajatlar ham OASIS dasturi orqali Koreya Respublikasi tomonidan qoplandi.

Joriy yilda ham Jamshiddin o‘zining o‘tgan yilgi loyihasi va unga topshirilgan patent asosida yangi ixtirosi bilan qatnashib, shunday imtiyozga takroran ega bo‘ldi.

OASIS dasturi Koreyadagi chet elliklarning intellektual mulkka asoslangan bizneslarini boshlashga yordam berish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash dasturi bo‘lib, uning doirasida startap va tadbirkorlik bo‘yicha kurslar, intellektual mulk huquqini qo‘lga kiritish, konsalting, kompaniya tashkil qilish va uni tijoriylashtirish hamda zamonaviy texnologiyalar asosida qilinadigan ixtiro va bizneslar uchun beriladigan startap viza kabi qator imkoniyatlar taqdim qilinadi.

2017 yilgi tanlovning oxirgi bosqichigacha yetib kelgan AQSh, Xitoy, Fransiya, Indoneziya, Hindiston, Meksika, Ganalik va yana boshqa chet elliklarning jami 20 ta ixtirosi keng omma uchun ochiq ko‘rgazmaga qo‘yilib, turli soha vakillari va mutaxassislaridan tashkil topgan maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqildi va baholandi. Ushbu ixtirolarning ichida 3 tasi eng yuqori natijani qo‘lga kiritib, oltin (Hindiston), kumush (O‘zbekiston) va bronza (Xitoy) sovrinlari bilan mukofotlandi. Mazkur loyihalarning barchasi 2017 yilning dekabr oyi boshida Seul shahrida bo‘lib o‘tishi rejalangan xalqaro startaplar festivalida ham qatnashib, ko‘rgazmaga qo‘yiladi.

Biz Kun.uz jamoasi nomida hamyurtimiz Jamshiddinni navbatdagi muvaffaqiyati bilan tabriklaymiz. Qahramonimiz yangi ixtirosini amaliyotga tadbiq etishida omad yor bo‘lsin.

Feruza Avazova tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: