Samarqandda kontrafakt elektr hisoblagichlar ishiga aloqadorlar jazolandilar

Jamiyat 20:20 / 17.11.2017 9263

Yaqinda Samarqand shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga noqonuniy olib kirilgan katta miqdordagi kontrafakt elektr hisoblagichlar holati bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqilishi yakunlandi.

Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, ushbu qurilmalar Xitoydan «Ulug‘bek» temir yo‘l stansiyasi orqali Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan “Sharq Sanoati” konserni tarkibiga kiruvchi “Afrosiyob-Jeans” qo‘shma korxonasi nomiga yuborilgan, hujjatlarda “jinsi matosi” (tkan djinsovaya) deb ko‘rsatilgan tovarlar ortida yashirilgan bo‘lgan.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan deklaratsiyalanmagan umumiy miqdori 2120 dona elektr hisoblagich konteynerni ko‘zdan kechirish davomida aniqlandi.

Olib borilgan tergov harakatlariga ko‘ra, ushbu hisoblagichlar kontrafakt tovarlar ekanligi, O‘zbekiston va Rossiyada rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan korxonalar tovar markasi ostida ishlab chiqarilganligi, barcha texnik pasportlar va muvofiqlik sertifikatlari soxtalashtirilganligi aniqlangan. Mazkur qurilmalarning umumiy qiymati 300 million so‘mdan ko‘proqni tashkil etadi.

Foto: Samarqand viloyati   bojxona boshqarmasi  Axborotxizmati

Tergov natijalariga ko‘ra shu aniqlandiki, Samarqandda yashovchi, O‘zbekiston fuqarolari, 1991 yilda tug‘ilgan C.X. va 1988 yilda tug‘ilgan A.K. avvaldan jinoiy til biriktirib, juda katta miqdordagi tovarlarni bojxona nazoratidan yashirib, bojxona yuk deklaratsiyasi va boshqa tegishli hujjatlarda ko‘rsatmagan holda O‘zbekiston bojxona chegarasi orqali o‘tkazish jinoyatini sodir etgan.

Samarqand shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudning 2017 yil 3 noyabrdagi hukmiga muvofiq, sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan aybdor topilgan.

Sudlanuvchi S.X.ga nisbatan eng kam oylik ish haqining 160 baravari miqdorida (23964000 so‘m) va sudlanuvchi A.K.ga nisbatan eng kam oylik ish haqining 140 baravari miqdorida ( 20968500 so‘m) jarima undirilishi jazosi belgilandi. 

Sud qaroriga binoan, jinoyat ishining daliliy ashyosi sifatida olib qo‘yilgan 2120 dona elektr hisoblagichlar belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: