Mourino taqvimni, terma jamoani va boshqa klublarni tanqid qildi

Sport 09:22 / 17.11.2017 6723

«Manchester Yunayted» jamoasi bosh murabbiyi Joze Mourino Angliyada o‘yinlar o‘ta tig‘iz taqvimda o‘tkazilishidan yana bir bor norozilik bildirdi.

«Men hamisha aytganman, Chempionlar ligasining asosiy o‘yinlari fevralda boshlanadi, Angliya klublari esa dekabr va yanvardagi o‘yinlarda dam olmasdan fevralda ham o‘ynashni davom ettiradi, biz ikki oyda 20 o‘yin o‘tkazishga majbur bo‘lamiz.

Nemislar, fransuzlar, ispanlar, italyanlar esa qishki ta'tilga ega. Shuning evaziga ular ingliz klublaridan ko‘ra yaxshiroq formada bo‘lishadi», – deya Mourinoning so‘zlarini keltirgan Mirror.

Shuningdek Mourino jamoa himoyachisi Fil Jonsning navbatdagi jarohatida Angliya terma jamoasi murabbiylar shtabini aybladi.

Uning aytishicha, murabbiylar Jonsning jarohati haqida avvaldan bilishgan, ammo baribir hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan o‘rtoqlik o‘yinida asosiy tarkibdan joy berishgan. 

«Albatta, Jonsda muammolar bor edi va bu holat so‘nggi uch haftadan beri davom etib kelyapti. Shu muammolar tufayli u «MYu» safida ham o‘ynamayotgandi. Faqat «Chelsi» bilan o‘yin juda muhim bo‘lgani uchun Jonsni maydonga tushirishga majbur bo‘lgandik. Keyin esa, u terma jamoa ixtiyoriga borib qo‘shiladi-da, jarohatini og‘irlashtirib qaytib keladi.

Angliyada ba'zi klublar borki, aynan terma jamoalar o‘yinidan oldin futbolchilariga nimadir bo‘ladi – goh tirnog‘i og‘rib qoladi, goho shamollaydi, natijada klubda qolib, dam oladilar. Shuningdek, juda sodda murabbiylarga ega bo‘lgan klublar bor, bizga o‘xshagan, futbolchi chaqiruv oldimi, demak borish kerak deb o‘ylashadi. Oqibatni ko‘rib turibsiz», degan murabbiy.

Joze Mourino aynan qaysi ayyor klublar haqida aytgani ma'lum emas, ammo ko‘proq «Tottenhem» nazarda tutilganini taxmin qilish mumkin. Zero, London klubi yetakchilari Harri Keyn va Dele Alli kasal bo‘lib qolganliklari tufayli, terma jamoaning so‘nggi yig‘iniga borishmadi.

Manchesterliklar bu turda, 18 noyabr kuni o‘z maydonida «Nyukasl»ni qabul qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: