Yaqin Sharqdagi asosiy o‘yinchilar. Saudiya Arabistoni va Eronning mintaqadagi yetakchilik uchun kurashi

Jahon 15:00 / 17.11.2017 31529

Eron va Saudiya Arabistoni azaldan mintaqadagi yetakchilikni o‘z qo‘liga olish uchun raqobat qilib keladi, ammo keyingi vaqtlarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yanada keskinlashdi.

Muhammad ibn Salmon va Hasan Ruhoniy / GETTY IMAGES

Ikki davlat ham Yaqin Sharqda o‘z tarafdorlariga ega, shu tufayli mintaqada bir qadar kuchlar muvozanati yuzaga kelgan. BBC Yaqin Sharqdagi nufuz uchun kurashni tahlil qildi.

Saudiya Arabistoni

Bu qirollikning asosiy aholisi sunniylar, bu o‘lka islom dini vatani hisoblanadi va bu o‘lkada muqaddas qadamjolar joylashgan. Bundan tashqari, qirollik ulkan neft zaxiralariga ega va qora oltin eksporti evaziga dunyoning eng boy davlatlaridan biriga aylangan.

Saudiya Arabistoni doimo Eron Yaqin Sharqdagi o‘rnini yanada mustahkamlab, yetakchiga aylanishidan xavfsirab keladi, shialar davlatining ta'siri kengayishini istamaydi.

Saudiya Arabistoni va Eron o‘zaro dushmanona munosabatlarda bo‘lishini AQSh prezidenti Donald Tramp ham ma'qullaydi, AQSh Tehronni o‘zining asosiy dushmanlaridan biri sifatida biladi.

Saudiya Arabistoni taxtining yosh va shijoatli valiahdi, shahzoda Muhammad ibn Salmon ayni vaqtda qo‘shni Yaman hududida isyonchi husiychilarga qarshi kurash olib bormoqda. Saudiyaliklar Eronni isyonchilarni qo‘llab-quvvatlashda ayblaydi, Tehron bu ayblovni qat'iyan rad etadi.

Saudiya Yamanda husiychilarga qarshi arab koalitsiyasiga boshchilik qiladi / GETTY IMAGES

Saudiya Arabistoni o‘z navbatida Suriyada Bashar Asadni ag‘darish uchun kurash olib borayotgan kuchlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bashar Asad esa Eronning asosiy ittifoqchisidir.

Saudiya Arabistoni qurolli kuchlari - mintaqadagi eng kuchli armiyalardan biriga ega, Ar-Riyod dunyodagi eng yirik qurol importyorlaridan biri. Saudiya armiyasi 227 ming askardan tashkil topgan.

 

Eron

Eron 1979 yilda shoh taxtdan ag‘darilgach, Islom respublikasiga aylangan. Siyosiy hokimiyat oyatulloh boshchiligidagi mutaassib dindorlar qo‘liga o‘tgan.

Eronning 80 millionlik aholisining aksar qismi shia mahzabidagi musulmonlar hisoblanadi, bu eng ko‘p shialar yashaydigan davlatdir. Mamlakatning tashqi va ichki siyosatiga oid yakuniy qarorlarni diniy rahnamo Ali Xomanaiy qabul qiladi.

Keyingi 10 yilda Eronning mintaqadagi nufuzi keskin darajada o‘sdi, Iroqda Saddam Husaynning rejimi ag‘darilishi Eronga qo‘l keldi.

Eron Suriya prezidenti Bashar Asadni IShID va boshqa muxolif guruhlarga qarshi urushda faol qo‘llab-quvvatlab keladi.

Eron armiyasining ilg‘or qismlari - «Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi» Suriya va Iroq hududida jangarilarga qarshi muvaffaqiyatli harbiy amaliyotlar o‘tkazib keladi.

«Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi» Eronning asosiy kuchi / GETTY IMAGES

Eron Saudiya Arabistonini Livandagi vaziyatni beqarorlashtirishga harakat qilishda ayblaydi, bu yerda hukumat asosan shialardan iborat, Eron tomonidan qo‘llanuvchi «Hizbulloh» harakati vakillari tomonidan shakllangan.

Eronning asosiy dushmani Qo‘shma shtatlar hisoblanadi.

Eron raketa tizimlarini rivojlantirib kelmoqda va AQSh bunga qattiq qarshilik qiladi. Eron Qurolli kuchlari tarkibi 534 ming nafar harbiydan («Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi» bilan birga) iborat.

 

AQSh

AQSh va Eron munosabatlari o‘n yillardan buyon tarang holatda saqlanib qolmoqda. 1953 yilda MQB Eron bosh vaziri Muhammad Musaddiqni ag‘dargan, 1978 yilda islom inqilobi ro‘y berib shoh Muhammad Rizo Pahlaviy taxtdan ag‘darilgan, 80-yillarda Amerikaning Tehrondagi elchixonasiga hujum qilinib, odamlar garovga olingan. Bularning barchasi ikki mamlakat o‘rtasidagi nizolarning muhim nuqtalari edi.

Saudiya Arabistoni azaldan AQShning sodiq ittifoqchisi bo‘lib kelgan. Faqat Obama ma'muriyati davrida uzoqlashish kuzatildi, bu Vashingtonning Eron bilan siyosiy aloqalarni yaxshilashga bo‘lgan urinishlari tufayli edi.

Yangi prezident Tramp esa Eronga nisbatan toqatsiz siyosat yurgizmoqda, u Obama tashabbusi bilan tuzilgan tarixiy yadro kelishuvini bekor qilmoqchi.

Saudiya Arabistoni doim AQShga tayanadi / GETTY IMAGES

U Saudiya Arabistonining hozirgi qiroli bilan ham va bo‘lajak qiroli bilan ham do‘st hisoblanadi.

Tramp va uning ma'muriyati hech qachon radikal islomni tanqid qilmagan, ular faqat Eronni terrorizmga aloqadorlikda ayblashadi. Saudiya fuqarolarining AQShga kirishiga hech qanday to‘siq yo‘q.

Donald Tramp Yaqin Sharqqa ilk tashrifi vaqtida Saudiya va Isroil rahbarlari bilan uchrashdi, u bu davlatlarning kuchidan mintaqada Eronga qarshi harakatlarda foydalanishni maqsad qilgan.

Saudiya Arabistoni har yili AQShdan katta miqdorda qurollar sotib olmoqda.

 

Rossiya

Rossiya - bu mintaqada bir vaqtning o‘zida Saudiya Arabistoni bilan ham, Eron bilan ham yaxshi aloqalarga ega yagona o‘yinchi. Ikki davlat bilan ham Rossiya qalin iqtisodiy aloqalar o‘rnatgan, ruslar arablarga ham, forslarga ham qurol sotadi.

Rossiya Tehron va Ar-Riyod ziddiyatida bir tomonda emas, o‘rtada, vositachi sifatida turadi.

Rossiya Yaqin Sharq mojarolariga sovuq urush davrida jalb etilgandi, o‘shanda Sovet Ittifoqi Suriyaga qurollar yetkazib bergan, suriyalik zobitlarni tayyorlagan.

Moskvaning Suriyaga va mintaqaga ta'siri SSSR parchalanganidan keyin susaygandi, ammo oxirgi yillarda Kreml mintaqaga yana chuqur kirib keldi.

Suriya armiyasi Rossiya aviatsiyasi yordamida hududining 90 foizini jangarilardan ozod etdi

Rossiya 2015 yil kuzidan buyon Suriya armiyasiga hamda Bashar Asad tomonida turgan eronparast kuchlarga havodan turib muxolifat guruhlariga va IShID jangarilariga qarshi harbiy amaliyotlarda katta ko‘mak bermoqda.

 

Turkiya

Turkiya ham Eron va Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarini bir maromda tutib turadi, shuningdek, Yaqin Sharqdagi siyosiy hamda harbiy o‘rnini tez-tez o‘zgartiradi.

2002 yili hokimiyatga Adolat va taraqqiyot partiyasi kelganidan keyin Anqara Yaqin Sharqqa jiddiy e'tibor qarata boshladi.

Asosiy aholisi sunniylar bo‘lgan Turkiya Saudiya Arabistoni bilan o‘zini diniy tomondan yaqin hisoblaydi va Suriya hukumatiga qarshi ittifoqchilik qiladi.

Erdo‘g‘an Saudiya bilan nizo vaqtida Qatarni qo‘llab-quvvatladi / ADEM ALTAN

Shu bilan birgalikda, Turkiya Eronga ham yuz o‘girmaydi, biroz avvalroq ikki davlat kurdlarga qarshi ittifoq tuzdi, mustaqil davlat tuzish istagidagi kurdlar Eronga ham Turkiyaga ham umumiy xavfdir.

 

Isroil

1948 yilda tashkil etilgan Isroil bilan yigirmadan ortiq arab davlatidan faqat Misr va Iordaniya bilan diplomatik aloqaga ega.

Eron va Isroil murosasiz dushmanlar sanalishadi. Eron Isroilning mavjudligini tan olmaydi va bu davlatni yo‘q qilib tashlashga chaqiradi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hamisha jahon hamjamiyatini Eron yadro quroliga egalik qilishiga yo‘l qo‘ymaslikka undaydi va Tehron bilan yadroviy kelishuvni bekor qilish orqali uning mintaqada agressiv siyosat yuritishga bo‘lgan intilishlarini jilovlashni so‘raydi.

Isroil bosh vaziri Trampni Eron terrorizmiga qarshi muvaffaqiyatli harakatlari bilan tabrikladi

Netanyaxuning so‘zlariga ko‘ra, bir qator arab davlatlari Eronning mintaqadagi nufuzi ortishiga qarshilik qilish uchun Isroil bilan ittifoq tuzishga ham tayyor. Ammo Saudiya Arabistoni OAVda tarqalgan, saudiyalik shahzodalardan biri sentabr oyida maxfiy muzokaralar o‘tkazish uchun Isroilga borgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

 

Misr

Misr tez-tez Yaqin Sharq masalasida muhim o‘rin egallab turadi. Bu davlat tarixan Eron bilan emas, Saudiya Arabistoni bilan yaqin. Ayniqsa Eronda islom inqilobi ro‘y berganidan keyin.

Saudiyaliklar ham misrliklar armiyasini qo‘llab-quvvatlab turadi, 2013 yilda radikal Muxammad Mursiy hokimiyatdan chetlatilishida saudiyaliklarning o‘rni bor.

Shu bilan birga Misr Eron bilan aloqalarni to‘la uzmagan. Tehron Misr va Iroq o‘rtasidagi neft bo‘yicha kelishuvda vositachilik qilgan. 2016 yilning oktabrida saudiyaliklarning Aramco kompaniyasi Misrga neft yetkazib berishni to‘xtatgandi.

Eron va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygach, Misr prezidenti Abdul Fattoh as-Sisi tomonlarni murosa qilishga va Fors ko‘rfazining xavfsizligiga rahna solmaslikka chaqirdi.

Fors ko‘rfazi xavfsizligi - Misr xavfsizligi demak. Men Saudiya Arabistonining donish qaror chiqarishiga ishonaman - Misr prezidenti


Suriya

Prezident Bashar Asad hukumati yuqorida aytilganidek, Eronning yaqin do‘sti va Saudiya Arabistonining dushmani.

Eron hamisha Suriya hukumatiga va armiyasiga isyonchilarga qarshi kurashda yordam berib keladi.

Eron Asadni shialarning alaviylar tarmog‘iga mansubligi uchun ham qo‘llaydi. Suriya Eron uchun Livandagi «Hizbulloh» harakatini qurol-yarog‘ bilan ta'minlashdagi yo‘lak sifatida ham xizmat qiladi.

«Hizbulloh»ning minglab jangchilari Suriya hukumati uchun urushadi. Ekspertlarning fikricha, bu guruhni ko‘ngillilar lashkari emas, zamonaviy armiya sifatida qarash mumkin.

Suriya doimiy ravishda Saudiya Arabistonini terrorchilarni qo‘llashda va Yaqin Sharqdagi tinchlikni buzishda ayblab keladi.

Foto: STRINGER

 

Iroq

Iroq 14 yildan buyon AQSh ta'sirida. 2001 yil 11 sentabr voqeasidan ortidan harbiy kampaniya boshlangan, 2003 yil 9 aprelida, 20 kunlik yurishlardan keyin Saddam Husayn armiyasi yengilib, amerikalik harbiylar Iroq poytaxti Bag‘dodni ishg‘ol qilgandi.

Foto: Reuters

Amerika «Al-Qoida»ga qarshi kurash shiori ostida Iroqqa kirgandi. Ammo keyin Iroqda «Al-Qoida» yo‘qligi ma'lum bo‘ldi. AQShning bostirib kirishi mamlakatda aks ta'sir ko‘rsatdi. Saddam Husayn rejimi davrida jilovlangan ekstremistlar endi erkin harakatlana boshlashdi va dastlabki 3 yil ichida mamlakatda teraktlar hajmi 7 barobarga o‘sib ketdi.

2011 yilning 18 dekabrida AQSh Iroqni tark etdi, lekin hokimiyat amerikaparst kuchlar qo‘lida qoldi. 22 dekabr kuni Bag‘dodda yirik terakt sodir etildi, kamida 72 kishi halok bo‘lib, yuzlab kishilar jarohatlandi. Shu kuni mamlakat bo‘ylab teraktlar seriyasi kuzatildi. Shundan beri mamlakat teraktlar botqog‘iga botdi, minglab kishilar xunrezliklar qurboniga aylandi.

2014 yilning birinchi kunida mamlakatda fuqarolik urushi boshlanib ketdi, 1 yanvar kuni IShID jangarilari Mo‘sul shahriga hujum qildi.

Iroq AQSh boshchiligidagi harbiy koalitsiya ko‘magida IShIDga qarshi 3 yil davomida urush olib bordi. Shu yil kuzida Mo‘sul ozod etilishi bilan bu urush tugadi, ammo endi shimolda Kurdiston bilan muammo yuzaga kelmoqda. Mustaqillik istayotgan kurdlar davlat yaxlitligiga daxl qilmoqda.

Bu muammolari fonida Iroq hukumati Saudiya Arabistoni va Eron qarama-qarshiligidan chetda turadi. Bu davlatda faqat AQSh va Turkiya manfaatlariga ega. AQSh bu o‘lkada demokratiya o‘rnatish uchun harakat olib borgan bo‘lsa, Turkiya Iroqning shimolidagi kurdlar mustaqillikka erishishi va bu o‘z hududidagi kurdlarni ilhomlantirishidan cho‘chiydi. Qolaversa, hudud turklar uchun tarixiy vatan hisoblanadi. Shuningdek, millionlab kurdlar istiqomat qiladigan Eron ham Iroqning parchalanishini istamaydi.

 

Livan

Livanning Eron va Saudiya Arabistoni qarama-qarshiligi bo‘yicha pozitsiyasini ikkiyoqlama deb atash mumkin.

Livan bosh vaziri, shu oy boshida Saudiya Arabistonida turib o‘z iste'fosi haqida ma'lum qilgan Saad Haririy saudiyaliklar bilan yaqin aloqalarga ega va ularni Eronga qarshi ziddiyatda qo‘llaydi.

Foto: Saad Haririy / GETTY IMAGES

Ammo «Hizbulloh»ning Livandagi bo‘linmasi Eronning ittifoqchisi hisoblanadi. Bu tashkilot rahbari Hasan Nasrulloh tez-tez Saudiya hukumatiga tanqid yog‘dirib turadi.

 

Fors ko‘rfazi davlatlari

Foto: GETTY IMAGES

O‘tmishda Fors ko‘rfazi davlatlari, Qatar, Bahrayn va Kuvayt Saudiya Arabistoni bilan yaqin aloqalarga ega edi.

Ammo yil boshida Qatar va Saudiya Arabistoni munosabatlari sovuqlashdi, o‘shanda Qatar Ar-Riyodning Tehron bilan munosabatlarni uzil-kesil uzish borasidagi talabini bajarmagandi.

Iyul oyida avval Saudiya Arabistoni, uning ortidan Birlashgan Arab Amirliklari, Misr, Bahrayn va boshqa ko‘plab arab davlatlari Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzib, unga iqtisodiy qamal e'lon qilishdi. Eron esa Qatarni yolg‘iz qoldirmadi va birinchi kuniyoq oziq-ovqat mahsulotlari yuklangan 5ta samolyotni Dohaga yo‘lladi.

Avgust oyida Qatar va Eron diplomatik munosabatlarni yuqori darajaga ko‘tardi, ikki davlat munosabatlari o‘tmishda Saudiya Arabistonining Erondagi diplomatik missiyalariga qilingan hujumlar oqibatida susaygandi.

Bu vaqtda Bahrayn va Kuvayt Saudiya Arabistoni tomonida turishda davom etmoqda.

Bahrayn aholisining 70 foizi shialar bo‘lsada, asosiy siyosiy va harbiy lavozimlarni sunniylarga mansub qirollik xonadoni vakillari egallashgan.

Bahrayn bir necha marta Eronni «terrorchilar uyasi» sifatida atab, Eron hukumatini boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashishda ayblaydi. Shuningdek, mamlakat ichidagi shialar muxolifati Eron tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanishi iddao etiladi.

Oktyabr oyi boshida Bahrayn hukumati «Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi» Bahrayn xavfsizligiga kuchli darajada tahdid solayotganidan shikoyat qilgandi.

Kuvayt esa Qatarni blokada qilishda ishtirok etmagan bo‘lsada, bu davlat hukumati Eron emas, Saudiya Arabistoni tomonida turadi.

Fevral oyida Kuvayt arab-fors munosabatlarini yaxshilashga chaqirgandi, o‘shanda 2013 yildagi saylovlardan beri ilk marta Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Manamaga tashrif buyurgandi.

Lekin Eron va Saudiya Arabistoni o‘rtasida munosabatlar yana taranglasha boshlagach, Kuvayt 15 nafar eronlik diplomatni mamlakatdan chiqarib yubordi va Eronning barcha harbiy, madaniy va savdo missiyalarini yopdi.

Ko‘proq yangiliklar: