O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev va O‘zbekiston Respublikasi prezidentining davlat maslahatchisi Umar Ismoilov 2017 yil 16 noyabr kuni mamlakat rahbari topshirig‘iga ko‘ra tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovga «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenini topshirdilar. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar bermoqda.
“Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari, O‘zbekiston manfaatlarini xalqaro maydonda himoya qilish va ilgari surishdagi ko‘p yillik samarali mehnati va 70 yoshga to‘lishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev TIV rahbarini yuqori davlat nishoni bilan mukofotladi”, - deyiladi xabarda.
Abdulaziz Hofizovich Komilov 1947 yil Yangiyo‘l shahrida tug‘ilgan. 1972 yil SSSR Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik akademiyasini bitirgan. 1978-80 yillarda SSSR Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik bo‘limida o‘qigan. Komilov tarix fanlari nomzodidir.
Komilov 1973-1976 yillar Sovet Ittifoqining Livandagi elchixonasida attashe bo‘lib ishlagan. 1980-1984 yillarda Sovet Ittifoqining Suriyadagi elchixonasida ikkinchi kotib sifatida ishlagan. 1984-1988 yillarda esa SSSR Tashqi ishlar vazirligining Yaqin Sharq ishlari bo‘limida mehnat qilgan.
1988-1991 yillarda SSSR Fanlar akademiyasining Jahon iqtisodiyoti hamda tashqi ishlar bo‘limida, 1991-1992 yillarda O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi maslahatchisi sifatida faoliyat yuritgan. 1992-1994 yillarda O‘zbekiston milliy xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari bo‘lgan.
1994 yil Komilov O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri etib tayinlangan. 1998-2003 yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori bo‘lgan. 2003 yil Komilov o‘rniga Sodiq Safoyev tashqi ishlar vaziri etib tayinlangan. Buning ortidan Komilov O‘zbekiston prezidentiga tashqi ishlar bo‘yicha maslahatchi lavozimiga tayinlangan.
2003 yil Komilov O‘zbekistonning AQSh hamda Kanadadagi elchisi etib tayinlangan. 2008 yil Komilov mamlakatning Braziliyadagi elchisi sifatida ham ishlay boshlagan. 2010 yil tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimiga, 2012 yilga kelib esa tashqi ishlar vaziri etib tayinlangan.
Abdulaziz Komilov “Mehnat shuhrati”, “Do‘stlik”, “O‘zbekiston belgisi” va “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil” davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.