Daryolar toshqinlarga qanday tayyorlanadi?

Jamiyat 09:11 / 16.11.2017 6070

QHTBT portalida Vazirlar Mahkamasining Daryo o‘zanlarini tozalash, ularning qirg‘oqlarini mustahkamlash hamda toshqin suvlari va sel oqimlarining O‘zbekiston Respublikasining ochiq suv oqimlari bo‘ylab xatarsiz o‘tishini ta'minlash uchun himoya ishlarini olib borish bo‘yicha ishlarni yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori loyihasi joylashtirildi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Loyiha suv oqimlari o‘zanlarini tozalash va ularning qirg‘oqlarini mustahkamlash bo‘yicha ishlarni tashkil etish hamda o‘tkazish tartibini tartibga soluvchi nizomni o‘z ichiga olgan. U Prezidentning 25.09.2017 yildagi PQ–3286-son qarori ijrosi yuzasidan qabul qilingan.

Ishlarni bajarish tartibi

Toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz o‘tkazib yuborishni ta'minlash, qor ko‘chish va yer ko‘chki hodisalari xavfini kamaytirish bo‘yicha Hukumat komissiyasi ishlarda tashabbus ko‘rsatadi.

Ishlar joriy yilning 1 apreligacha tasdiqlanadigan hamda quyidagi organlar va tashkilotlar vakillaridan iborat hududiy ishchi guruh tomonidan ishlab chiqiladigan yillik manzilli dasturlar asosida o‘tkaziladi:

•  FVVning hududiy boshqarmalari;
•  Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari;
•  O‘zgidromet, Davsuvxo‘jaliknazorat, Davergeodezkadastr, Davlat ekologiya qo‘mitasi, «Davarxitektqurilish» qo‘mitasi, Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari;
•  mahalliy davlat hokimiyati organlari;
•  loyiha va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari.
 
FVV hududiy dasturlar asosida kelgusi yil uchun suv oqimlarida himoya inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish va boshqa himoya ishlari bo‘yicha loyihalarni o‘z ichiga olgan yig‘ma manzilli dasturni shakllantiradi. 

Loyihalarni amalga oshirish va moliyalashtirish

Daryolar o‘zanlarini tozalash va ularning qirg‘oqlarini mustahkamlash bilan bog‘liq loyihalar FVVning ixtisoslashtirilgan muhandislik-texnik otryadlari tomonidan tender savdolarini o‘tkazmasdan yoki boshqa tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Loyihalarni ro‘yobga chiqarish quyidagilar hisobidan moliyalashtiriladi:

•  Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining xarajatlar smetasida ko‘zda tutilgan foydalanish xarajatlari uchun respublika va mahalliy byudjyetdan ajratilgan mablag‘lar hamda markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalar limitlari;
•  vazirliklar, qo‘mitalar va idoralarning byudjyetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari;
•  Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari;
•  taqiqlanmagan boshqa manbalar.
 
O‘z balansidagi ijtimoiy obektlarni himoya qilish maqsadida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar o‘z mablag‘lari hisobidan toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz o‘tkazib yuborish bo‘yicha tadbirlarni o‘tkazadi.

Daryo o‘zanlarida foydali qazilmalarni qazib chiqarish yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beruvchi litsenziyalarga qat'iy muvofiq ravishda amalga oshiriladi.

Loyiha o‘zgartirilishi, to‘ldirilishi yoki rad etilishi mumkin.       

Ko‘proq yangiliklar: