Suv osti josusi: Shveytsariyada robot-baliq ishlab chiqildi

Fan-texnika 22:47 / 15.11.2017 7582

Lozanna Federal politexnika maktabi mutaxassislari danio-rerio balig‘ining robot versiyasini ishlab chiqishdi, u suv ostida jonli "qarindoshlari"ni kuzatadi. Olimlar mazkur ishlanma yordamida suvda suzuvchilarning muloqot va qarorlar qabul qilish usullari haqida ko‘proq ma'lumot olishni rejalashtirishgan. Danio-rerio bekorga tanlanmagan - bu mitti baliq turi harakat tezligi va yo‘nalishini o‘zgartirish odati bilan mashhur. Lozanna Federal politexnika maktabi saytida shu haqida xabar berildi.

 

"Josus" uzunligi 7 santimetrni tashkil qiladi - bu standart turga qaraganda biroz kattaroq, model qolgan jihatlari bilan jonli baliq proporsiyalarini takrorlaydi. Robot akvarium ostiga o‘rnatilgan kichik motorga biriktirilgan magnit bilan jihozlangan. Bu motor modelni boshqaradi. Mualliflar dum sohasining sifati va moslashuvchanligiga alohida e'tibor qaratishgan - bu danio-rerio kommunikatsiyasida asosiy elementdir. 

Tajribalar jonli baliqlar solingan akvariumda o‘tkazildi. Olimlar baliqlarning robotga reaksiyasini va uning jonzotlar "ishonchi"ga qanchalik tez kirishini o‘rganishdi. 

Olimlar baliqlarni ishontirish uchun robotni danio-rerio rangiga bo‘yashdi, baliqlarning standart tezligi, shuningdek baliqlar orasidagi masofa va dum vibratsiyasini hisoblab chiqishdi. 

Foto: actu.epfl.ch

2007 yilda shveysariyalik olimlar robot-suvarak bilan ham shunday tadqiqot o‘tkazishgandi. Tajriba muvaffaqiyatli kechgan, biroq uning mohiyati baliqlar tadqiqoti muvaffaqiyatidan pastroq. 

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, suvda suzuvchilar suvaraklardan ko‘ra aqlliroq va murakkab jonzotlardir. Nazariyaga muvofiq, yangi "josus" biologlarga yordam beribgina qolmay, guruhlar qaroriga ta'sir ko‘rsatish imkoniga ham ega bo‘ladi. Masalan, "qarindoshlari"ning yo‘nalishini keskin o‘zgartirish yoki odatiy yashash joyini tark etishga majbur qilish. 

Ko‘proq yangiliklar: