Samarqandda narxi oshgan benzinga uzun navbat yuzaga keldi - foto

O‘zbekiston 21:00 / 15.11.2017 37864

Samarqand shahrida 15 noyabrdan boshlab narxlari oshirilgan benzinga shahardagi «Sharq-S» AYoQShida ertalabdan tushga qadar turnaqator navbat yuzaga keldi.

KUN.UZ muxbirining xabar berishicha, ushbu AYoQShda narx oshmasdan avval ham Ai-91 benzini ahyon-ahyonda 3000 so‘mdan sotilar, biroq benzin oshishidan avvalgi kunlarda benzin sotilmayotgan edi.

Kechga borib, ushbu AYoQShda benzinga navbat so‘rilib ketdi va sanoqli mashinalar bemalol benzin xarid qilishga tushishdi.

Shahar markazidagi «O‘zneftgaz» AYoQShida narx ko‘rsatkichlari yangilanib qo‘yilgani bilan, benzin sotilmagan va yopib qo‘yilgan.

Shaharning mashhur Navoiy shohko‘chasida esa hamon qo‘ldan benzin sotish avjida. «Toshkentdan keltirilgan, 91 markali benzin», deya plastik idishlardan quyib berilayotgan benzinning 1 litri 4500 so‘mdan pullanmoqda. Bu yerda benzin quydirayotganlar AYoQShlarda benzin oshirilgan narxda savdoga chiqqanidan bexabarligini aytib o‘tishdi.

O‘z muxbirimiz

Ko‘proq yangiliklar: