Qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqarish qurilmalari tayyorlaydigan korxonalar 5 yilga soliqlardan ozod etildi

O‘zbekiston 14:10 / 15.11.2017 6273

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tashkilotni qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqarish qurilmalari tayyorlashga ixtisoslashayotgan tashkilot sifatida identifikatsiyalash mexanizmi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2015-2019 yillar uchun iqtisodiyot va ijtimoiy tarmoq sohalarida energiya hajmini qisqartirish, energiyani tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida” 2015 yil 5 maydagi PQ-2343-son qarori 5-bandining uchinchi xatboshiga muvofiq, qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqarish qurilmalari tayyorlashga ixtisoslashgan korxonalar va tashkilotlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan boshlab 5 yil muddatga barcha soliqlardan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjyetdan tashqari Ta'lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga majburiy ajratmalardan ozod etilishi ma'lumot uchun qabul qilindi.

Tashkilotni qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqarish qurilmalari tayyorlashga ixtisoslashgan tashkilot sifatida identifikatsiyalash mexanizmi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi:

qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqarish qurilmalari tayyorlashga ixtisoslashgan tashkilotlarga ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq soliq imtiyozlari berilishida ko‘maklashishni;

qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqarish qurilmalari tayyorlashga ixtisoslashgan va soliq imtiyozlari berilayotgan tashkilotlarning yagona ma'lumotlar bazasi shakllantirilishini ta'minlaydi.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - "O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi A.Sultonov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - "O‘zagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruvi raisi N.Otajonov hamda “O‘zstandart” agentligi bosh direktori A.Karimov zimmasiga yuklandi.

Nizomga ko‘ra, qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqarish qurilmalari tayyorlashga ixtisoslashgan tashkilot - qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqarish qurilmalari tayyorlaydigan va bunday qurilmalarni sotishdan oladigan sof daromadi ulushi sotishdan tushadigan sof daromadning umumiy hajmida hisobot soliq davri yakunlari bo‘yicha kamida 50 foizni tashkil qiladigan yuridik shaxsdir

Identifikatsiyalash uchun zarur hujjatlar

Imtiyozlardan foydalanadigan tashkilot qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqarish qurilmalari tayyorlashga ixtisoslashganini tasdiqlash uchun yil yakunlari bo‘yicha davlat soliq xizmati organlariga soliq hisoboti bilan birga qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqarish qurilmalari tayyorlash to‘g‘risida ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq shaklda ma'lumotnoma-hisob-kitob ham taqdim etadi.

Qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqarish qurilmalari tayyorlashga ixtisoslashgan tashkilotlarga soliq imtiyozlari davlat soliq xizmati organlari tomonidan identifkatsiyalash asosida beriladi. Bunda tashkilotlar ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq ma'lumotnoma-hisob-kitobda qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqarish qurilmalari ro‘yxatini ko‘rsatadi.

Agar tashkilot, hisobot yili yakunlari bo‘yicha taqdim etilgan ma'lumotnoma-hisob-kitobdan kelib chiqqan holda, soliq imtiyozlari berish uchun belgilangan mezonlarga mos kelmasa (qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqarish qurilmalari tayyorlash bo‘yicha soliq imtiyozlari berilgan ixtisoslashtirilgan tashkilot hisoblanmasa), soliq imtiyozlari bekor qilinadi va unga nisbatan ushbu imtiyozlarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetiga to‘lash majburiyatlari tiklanadi hamda belgilangan tartibda penya hisoblanadi.

Soliq imtiyozlarini qo‘llash

Qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqarish qurilmalari tayyorlashga ixtisoslashgan tashkilot sifatida identifikatsiyalangan tashkilotlarga ushbu Nizomga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2015-2019 yillar uchun iqtisodiyot va ijtimoiy tarmoq sohalarida energiya hajmini qisqartirish, energiyani tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha chora- tadbirlar dasturi to‘g‘risida” 2015 yil 5 maydagi PQ-2343-son qarorining 5-bandida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari beriladi.

Tomonlar o‘rtasida tashkilotni qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqarish qurilmalari tayyorlashga ixtisoslashgan tashkilot sifatida identifikatsiyalash jarayonida paydo bo‘ladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

Davlat soliq xizmati organlari nizolarni hal etish jarayoniga ushbu sohaning tegishli mutaxassislari va ekspertlarini jalb qilish huquqiga ega.

Soliq imtiyozlarining to‘g‘ri qo‘llanishini davlat soliq xizmati organlari nazorat qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: