Saylov yaqinlashgan sari Kreml mediadan ijobiy yangiliklar xohlamoqda 

Jahon 13:40 / 14.11.2017 6409

Rasmiy Kreml media makonda ijobiy yangiliklar yaratilishini xohlaydi, deb xabar beradi Reuters. Rossiya hukumati tomonidan tasdiqlangan hujjat matnida yozilishicha, mamlakatda faoliyat olib borayotgan yirik media kompaniyalarga ana shunday «tavsiya» ​berilgan.

Reuters muxbiri tanishib chiqqan yetti varaqli hujjatda hukumat kompaniyalarga «yangi ishchi o‘rni yaratilishi, ilmiy yutuqlar va yangi infratuzilma, ayniqsa, davlat ishtirokidagi loyihalarni» yoritishni «tavsiya» etgan. Hujjatga ilova qilingan matnda «yangiliklarni qanday ko‘rinishda taqdim etish yo‘riqnomasi» ham keltirilgan.

Mazkur hujjat Rossiya Energetika vazirligi tomonidan oktabr oyida 45ta tarmoqning yirik kompaniyalari, jumladan, Rosneft, Lukoyl, Novatek vakillariga yuborilgan.

«Aholi turmush darajasi bir muncha oshdi, yangi imkoniyat va loyihalar ko‘paymoqda. Ammo bu kabi islohotlar media nazaridan chetda qolmoqda», deyiladi hujjat matnida.

Ma'lumot uchun, Rossiya Federatsiyasi prezidentligi saylovi uchun nomzodlar joriy yilning 7 dekabr kunidan boshlab ro‘yxatga olinadi. Katta ehtimol bilan, amaldagi prezident Vladimir Putin o‘z nomzodini yana taqdim etishi mumkin. Garchi hujjat matnida saylov to‘g‘risida so‘z yuritilmagan bo‘lsada, «avval vaziyat qanday bo‘lgani va qanday natijalarga erishilgani, hayot tarzi ijobiy o‘zgarishi» haqida materiallarni ko‘paytirishni hukumat bildirib turibdi.

Ko‘proq yangiliklar: