Xitoy sun'iy intellekti shifokor litsenziyasiga ega bo‘ldi

Fan-texnika 14:25 / 14.11.2017 5344

Xitoyning iFlyTek kompaniyasi to‘rt yil davomida o‘z sun'iy intellekti (SI) ustida ishladi. Natijada SI dasturi mahalliy tibbiyot oliygohiga imtihon topshirib, barcha testlardan muvaffaqiyatli o‘tdi. Imtihon natijalariga ko‘ra, unga doktorlik litsenziyasi berildi. Hi-News shu haqida xabar berdi. 

"Biz buni IBM Watson'dan oldinroq bajarishga muvaffaq bo‘ldik! Kompaniyamiz tomonidan ishlab chiqilgan tizim barcha imtihonlardan mustaqil ravishda o‘tishning uddasidan chiqdi va malaka darajasiga ko‘ra inson-shifokordan qolishmaydigan dunyodagi ilk sun'iy intellektga aylandi", - deydi iFlyTek direktorlar kengashi a'zolaridan biri. 

iFlyTek Smart Doctor Assistant sun'iy intellekti kerakli 360 balldan 456 ball yig‘di va bu juda ajoyib natija. Kompaniya vakillari shu bilan to‘xtab qolishmoqchi emas, ularning ma'lum qilishicha, dastur ham tibbiyot, ham boshqa sohalardagi bundan-da murakkab narsalarni o‘rganishga qodir. 

Hozircha esa iFlyTek Smart Doctor Assistant'ni unga tanish bo‘lgan sohada qo‘llab turish rejalashtirilgan - uni oddiy shifokorlarga yordamchi etib tayinlashmoqchi, zero SI, masalan, butun mamlakatdan yig‘ilgan kasalliklarga oid ma'lumotlarni tezroq tahlil qilib, ularni qayta ishlab, aniq natijalarni chiqarib bera oladi. 

Shuni ta'kidlash joizki, hech kim dastur samaradorligi testlarini o‘tkazmagan, iFlyTek va Watson tezkorligi ham taqqoslanmagan, biroq dasturning vazifani yaxshi uddalaganiga shubha yo‘q.

Ko‘proq yangiliklar: