Sochida Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar tiklangani ta'kidlandi

Jahon 23:48 / 13.11.2017 5187

Joriy yil boshidan buyon Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin telefon orqali 13 marta so‘zlashib, 5 marta uchrashishdi. Har ikki davlat prezidentlarining navbatdagi uchrashuvi bugun Rossiyaning Sochi shahridagi Bocharov Ruchey qarorgohida bo‘lib o‘tmoqda.

«Moskva va Anqara o‘rtasidagi munosabatlarni to‘liq hajmda qayta tiklandi, deb atash mumkin», degan Rossiya prezidenti Vladimir Putin turkiyalik hamkasbi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuvi chog‘ida. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.

Rossiya yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki sakkiz-to‘qqiz oyida mahsulot aylanmasi 2016 yilgi tanazzuldan so‘ng uchdan bir qismga ko‘tarilgan.

Putinning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya bilan barcha yo‘nalishlarda ish olib borilmoqda, jumladan, Suriyadagi tanglikni bartaraf etish yuzasidan ham. Putin har ikki mamlakat joriy masalalarni tezkor muhokama etishi ketidan keladigan pozitiv samarani qayd etdi.

U Erdo‘g‘anga tashrif uchun tashakkur izhor etdi. «Darhaqiqat, biz qo‘shnimiz. Siz ta'kidlaganingizdek, bir soatdan sal ziyod parvoz masofasidamiz», — degan Putin.

Foto: RIA "Novosti"

Munosabatlarni yaxshilash yo‘li biz qul urgan intensiv aloqalar Turkiya va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlaydi, degan Erdo‘g‘an. Turkiya Jumhuriyati rahbarining so‘zlarini "Anadolu" agentligi keltirmoqda.

Erdo‘g‘anning qayd etishicha, Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar darajasi, shuningdek, mintaqaviy muammolar xususida ikki davlatning birdamligi kelajakka ishonchni mustahkamlaydi.

Turk yetakchisining fikricha, siyosiy, mudofaa, iqtisodiy va savdo-sotiq sohalarida ikki tomonlama aloqalar kundan kun rivojlanib bormoqda.

Uchrashuvda Turkiya tomonidan Bosh shtab rahbari Hulusi Aqar, Turkiya TIV rahbari Mavlut Chavusho‘g‘li va prezident matbuot kotibi Ibrohim Qalin ishtirok etishdi.

Yil boshidan buyon Erdo‘g‘an va Putin telefon orqali 13 marta so‘zlashib, 5 marta uchrashishdi.

Bocharov Rucheyda tor doirada uchrashuv o‘tkazilgach, prezidentlar kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazishadi. So‘ngra prezidentlar matbuotga bayonot berish uchun chiqishadi.

Vladimir Putin Erdo‘g‘an bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Sochiga ataylab bir kun avval tashrif buyurdi.

Rossiya va Turkiya munosabatlari 2015 yilda turk qiruvchi samolyoti Suriya osmonida Rossiyaning Su-24 bombardimonchi samolyotini urib tushirgach, sovuqlashib ketgan edi. Shundan so‘ng Moskva Anqaraga nisbatan sanksiyalar joriy etgan, masalan, charter parvozlarini taqiqlab qo‘ygan edi.

2016 yilda Erdo‘g‘an voqeadan taassufda ekanligini bildirgan edi, bu ruslar tomonidan uzr so‘rash sifatida talqin qilingan. Shundan so‘ng Rossiya cheklovlarni birin-ketin olib tashlab, savdo-iqtisodiy aloqalarni normallashtirish boshlangan edi.

Ko‘proq yangiliklar: