Dunyo yetakchilari Filippinda yig‘ilmoqda

Jahon 15:20 / 12.11.2017 15564

Dunyo davlatlari rahbarlari Filippinga Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) 31-sammitida ishtirok etish uchun kelishmoqda.

Manila shahri yaqinidagi Klark aeroportida Kanada, Laos, Malayziya, Yangi Zelandiya, Singapur, Tailand, Yaponiya va Indoneziya prezidentlarining samolyotlari qo‘ngan.

Shuningdek, Filippinga RF bosh vaziri Dmitriy Medvedov yetib kelgan. Sammit tashkilotchilari ma'lumotiga ko‘ra, Maniladagi uchrashuvlarda 19 davlatlarning rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp ham Filippinga keladi.

Bundan tashqari, Filippinga XXR raisi Si Jinping 5 kunlik tashrif bilan kelgan. Xitoy hukumati matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, bu tashrifdan maqsad muhim hududiy masalalarni yechishdan iborat.

12 noyabr kuni Filippin prezidenti Rodrigo Duterte mehmonlar uchun tashkilotning 50 yilligi munosabati bilan katta qabul tashkil etadi. Sammitning asosiy marosimlari dushanba kuniga mo‘ljallangan.

Manilada dunyo davlatlari rahbarlari xavfsizligini ta'minlash uchun 60 mingdan ortiq politsiyachi jalb etilgan.

Asosiy marosimlar o‘tkaziladigan kvartallar bir necha kun ilgari huquq-tartibot organlar xodimlari tomonidan o‘rab olingandi.

Sammit kunlari shaharda odam ko‘p bo‘lmasligini ta'minlash uchun mamlakatda 13-15 noyabr kunlari dam olish kunlari sifatida e'lon qilingan. Shahar markazidagi ko‘plab jamoat joylari vaqtinchalikka yopilgan.

Sammit kun tartibida ektremizmga qarshi kurash, iqtisodiy integratsiya, hududiy infratuzilmalarni barpo etish masalalari o‘rin olgan. Konferentsiya davomida qabul qilinishi kutilayotgan muhim hujjatlardan biri mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha kelishuv bo‘lishi kutilmoqda. Bu hujjat Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari hududidan bo‘lgan migrantlarning huquqlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgandir.

Shu vaqtda Manilada ASEAN ishchi sammiti ham o‘tkaziladi va unda 800dan ortiq delegat qatnashadi. Forum spikerlari orasida Rossiya va Hindiston bosh vazirlari ham bor. Tashkilot tarkibiga kirmaydigan davlatlarning rahbarlari Sharqiy Osiyo sammitida ishtirok etishadi.

Konferentsiya yakunida Filippin assotsiatsiya raisligini Singapurga topshiradi.

Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi Bruney, Vetnam, Indoneziya, Kamboja, Laos, Malayziya, Myanma, Singapur, Tailand va Filippin davlatlarini birlashtirgan tashkilotdir.

Ko‘proq yangiliklar: