Ijyevskda 9 qavatli uyni qasddan portlatishda gumon qilingan shaxsga ayblov qo‘yildi

Jahon 21:47 / 11.11.2017 10180

Rossiya tergov qo‘mitasi Udmurdiston poytaxti Ijyevskdagi 9 qavatli uyning maishiy gazdan portlashida shu uyda yashagan Aleksandr Kopitovni gumon qilib, unga qasddan qotillik sodir etish ayblovini qo‘ydi. Gaz portlashi oqibatida 9 qavatli uyning bir pod'yezdidagi 9-qavatdan 1-qavatgacha bo‘lgan qismi qulab tushgandi. Bu hodisa oqibatida 7 kishi halok bo‘lgan. 

“Rossiya tergov qo‘mitasining bosh boshqarmasi tomondan Aleksandr Kopitovga Rossiya jinoyat kodeksining “Xavfli usul bilan ikki yoki undan ko‘proq odamni o‘ldirish” moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etish ayblovi qo‘yildi”, deb ma'lum qilindi tergov qo‘mitasida.

Kopitov unga qo‘yilgan ayblov bo‘yicha umrbod ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Ayblanuvchining o‘zi unga qo‘yilayotgan ayblovlarni rad etmoqda.

Dastlab ushbu voqea “Ehtiyotsizlik tufayli o‘z ortidan ikki yoki undan ko‘proq shaxsning o‘limiga olib kelgan, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish” moddasi bo‘yicha tergov qilingan.  

Ma'lum qilinishicha, Kopitov ushbu uyning portlash markazidagi xonadonda onasi bilan birga yashagan. Tergov versiyasiga ko‘ra, u jinoyatni qo‘shnilariga shaxsiy adovat sababli sodir etgan. Shu sababli, Kopitovning ruhiy sog‘lomligi bo‘yicha shubha bildirilib, uning sud-psixiatrik tekshiruvdan o‘tkazilishi belgilangan.

Tergovning taxminicha, ayblanuvchi uyidagi gaz shlangini tarmoqdan uzib, dala hovlisiga ketib yuborgan. U aynan o‘sha yerda politsiya tomondan aniqlangan.

Ma'lum qilinishicha, ayblanuvchi Ijyevskning tuman sudiga yetkazilgan. “Sud Kopitovga nisbatan ehtiyot chorasi bo‘yicha hukm chiqaradi”, deb ma'lum qilgan sud pristavi.

Ijyevskning Udmurtskaya ko‘chasida joylashgan uyning bir qismi 9 noyabrda kunduzi portlash oqibatida qulab tushgan. Fojia oqibatida uyda yashagan 7 kishi, jumladan 2 bola halok bo‘lgan, 3 o‘smir jarohat olgan. 

Fojia sababli 11 va 12 noyabr kunlari Udmurdistonda motam kunlari deb e'lon qilingan. 

Ko‘proq yangiliklar: