Toshkentda moldovalik tsiganlar aldov yo‘li bilan buyumlarni sotayotgani aniqlandi

Jamiyat 12:10 / 08.11.2017 13701

Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasiga bir necha nafar chet el fuqarolari Toshkent shahridagi bozorlardan har xil turdagi buyumlarni arzon narxlarda xarid qilib, ularni Toshkent shahar va Toshkent viloyati hududlarida fuqarolarga aldov yo‘li bilan qimmat narxlarda sotib kelayotganliklari haqida xabar kelib tushgan. Bu haqda poytaxt IIBB xabar bermoqda.

Mazkur xabar asosida 2017 yilning 5 noyabr kuni Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, tadbir davomida ikki nafar tsigan millatiga mansub bo‘lgan, Moldova Respublikasi fuqarolari 1991 yilda tug‘ilgan A.P. hamda 1987 yilda tug‘ilgan A.Ch. aniqlanib, mazkur shaxslar Toshkent viloyatida joylashgan mehmonxonada vaqtincha yashab, Chilonzor tumanidagi “Abu Saxiy” bozoridan oshxona anjomlari, idish-tovoq komplektlari va shu kabi boshqa buyumlarni arzon narxlarda sotib olib, ularni Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylarning atrofida, bozorlarda hamda supermarketlarda go‘yoki mazkur buyumlar Yevropa davlatlarida ishlab chiqarilganligini bildirib, xaridorlarni aldash orqali qimmat narxlarga sotib kelayotganliklari ma'lum bo‘ldi.

Toshkent IIBB fuqarolardan bozorlar, supermarketlar, mahalla va jamoat joylarida narsa buyumlarni sotish bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxslardan biror narsa xarid qilishdan avval ushbu buyumning haqiqiy ekanligi, ishlab chiqarilgan joyi, sifati hamda narxiga e'tibor berish va aldanib qolmaslikni so‘ragan.

Ko‘proq yangiliklar: