Mourino endi «o‘zgacha» emasmi? Yevropada futbol haftasi yakunlari

Sport 17:10 / 07.11.2017 13328

«Tribuna» Yevropa futboli uik-endini sarhisob qiladi.

Mourinoning navbatdagi mag‘lubiyati, «Yuventus»ning hasadgo‘y rahbariyati va «Real» kiyim almashtirish xonasidagi muhim – hafta o‘yinlarining asosiy voqealari.

Mourinoning futboli jonga tegdi

Foto: Getty Images

Joze Mourino mavsumda ikkinchi marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqibnikiga safar qildi. Ikkinchi safar ham quruq qaytdi. «Enfild»da  portugaliyalik mutaxssis bir ochko olgandi – bu hozirgi vaziyatda yaxshi baholangandi. Ammo jamoa gol ura olmagandi ham. «Stemford Brij»da yakshanba kuni «Chelsi»ga qarshi o‘yinda ham gol bo‘lmadi. Endi «Yunayted» mavsum startini qanday zo‘r boshlagani unutildi. Mourino mavsum startidagi 7 turda yirik hisoblarda mag‘lub etgan jamoalar qaysi jamoalar bo‘lganini kuzatamiz.

1-tur. «MYu» 4:0 «Vest Hem» (11 turdan keyin 18-o‘rin)
2-tur. «Suonsi» (19-o‘rin) 0:4 «MYu»
3-tur. «MYu» 2:0 «Lester» (12-o‘rin)
4-tur. «Stok Siti» (14-o‘rin) 2:2 «MYu»
5-tur. «MYu» 4:0 «Everton» (15-o‘rin)
6-tur. «Sauthempton» (13-o‘rin) 0:1 «MYu»
7-tur. «MYu» 4:0 «Kristall Pelas» (20-o‘rin)

Autsayderlarning dodini berish bilangina chempionlik poygasida qatnashib bo‘lmaydi. Kuchli jamoalarga qarshi o‘yin uchun yaxshiroq taktika o‘ylab topish vaqti kelgan. Mourino jamoasi ijrosidagi futbol – Yevropa futbolida klassika, ya'ni eskirgan. Jozening barcha o‘yinlarga bir xilda yondashuvi katta o‘yinlarda pand berib qo‘ymoqda. Hatto «Tottenhem»ga qarshi kechgan va g‘alaba bilan yakunlangan o‘yinda ham mankunianliklar nima qilishni bilmay qolishgandi. Bu nafaqat Jozening uslubi shunday ekanini, balki, u o‘z jamoasining hujumdagi salohiyatiga ishonmayotganini ham anglatadi.

Joze – Pep Gvardiola qarama-qarshiligi. «Liverpul» va «Arsenal» birgalikda «Siti»dan 8ta gol o‘tkazdi. APLda Pep jamoasining hujumlariga dosh bera olishi mumkin bo‘lgan 3 jamoa qolmoqda – «Chelsi», «Tottenhem» va «MYu». «Arsenal» yakshanba kungi to‘qnashuvda yutqazib, safdan chiqdi. Venger faqat hakamlardan shikoyat qilish bilan band. Frantsuz mutaxassis jamoasi hakamlar xatolari tufayli yutqazganini aytmoqda, lekin hakamlar xato qilmaganida ham «kanonirlar» raqibdan kuchsiz edi.

Hasadgo‘y Marotta

Foto: Getty Images

«Yuventus» bosh direktori Juzeppe Marotta turinliklarning «Benevento»ga qarshi g‘alabali o‘yinidan keyin «keksa sinoralar»ning skudetto uchun kurashdagi asosiy raqibi nomini aytdi. Uning fikricha, jamoaga chempionlik yo‘lidagi asosiy muammo ayni vaqtda turnir jadvalida peshqadamlik qilayotgan, juda kuchli o‘yin namoyish etayotgan «Napoli»dan emas, balki «Inter»dan keladi. Ko‘rinishidan, Turindagilarni uzoq vaqtlik yakkahukmronlikdan keyin Apenninda «Yuve»ni taxtdan ag‘darishi mumkin bo‘lgan jamoa paydo bo‘lgani jahllantirmoqda. Neapoldagi uchinchi mavsumida Mauritsio Sarri asosiy muammoni hal qildi – jamoa himoyada ham yaxshi harakatlana boshladi. 12 turdan keyin «Napoli» «Yuventus»dan kamroq gol o‘tkazgan. Ishonish qiyin statistika. Qolaversa, Allegri jamoasidan farqli ravishda neapolliklar jamoasi barcha asosiy raqiblar bilan o‘ynab chiqdi – safarda «Latsio» (4:1) va «Roma» (1:0) bilan, uyda «Inter» (0:0). Amaldagi chempion esa bu jamoalardan faqat «Latsio»ga qarshi o‘yin o‘tkazdi va yutqazdi (1:2).

Bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun

Foto: Getty Images

Madridning «Real» klubi «Las-Palmas» darvozabonini 3 marta ranjitdi (ha, Krishtianu Ronaldu yana gol ura olmadi) va uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. O‘yindan keyin Madrid jamoasi futbolchilari barcha bir-birini qo‘llashini, jamoadagi muhit ajoyib ekanini aytdi. Masalan, Kazemiro Ronaldu va Benzema bir bo‘lib «Real Sosedad»ning markaziy himoyachisi Elustondodan ko‘p gol ura olishmagani uni tashvishlantirmasligini aytdi. Marselo esa falsafiy yondashib, Benzemaning xato ketgan zarbalari va tribunadan hushtakbozliklar – futbolning bir qismi ekanini eslatdi. U bunga normal munosabatda. Serxio Ramos esa muxlislarga xitob qilib, Asensioni tinch qo‘yishni, unga san'atkorona o‘yin namoyish etishida xalal bermaslikni so‘radi. Qiyin damlarda jamoa birdamlik ko‘rsatmoqda, ichki muhit yaxshi. Demak muammo faqat Zidanning taktik xatolarida va buni tuzatish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: