Messining golsiz yubileyi, Ronalduning golsiz seriyasi va Dzadzaning to‘xtatilishi. La Ligada 11-tur voqealari

Sport 10:00 / 07.11.2017 14208

«Tribuna» Ispaniya chempionatining navbatdagi turi yakunlarini sarhisob qiladi.

Ronaldu va Benzema Madrid derbisiga kuch saqlamoqdami?

 

«Real» bu turda «Las Palmas»ni osonlik bilan mag‘lub etdi. Ammo bu o‘yinda ham «Santyago Bernabeu»da yig‘ilganlar madridliklar jamoasi hujumchilarining gollarini ko‘rishmadi. Benzema ikki marta yaqqol golli vaziyatni o‘z odati bo‘yicha ko‘kka sovurib, hushtakbozliklarni qabul qilib oldi, Ronaldu esa yana bir necha marta raqib darvozasi to‘sini mustahkamligini tekshirib ko‘rdi, ammo u yakunda o‘yin qaydnomasiga o‘z nomini yozdirib qo‘ydi. U uchinchi golda Iskoga assistentlik qildi. Bu pasi orqali Ronaldu jamoa tarixidagi eng yaxshi assistentlar ro‘yxatida Raul Gonsalesni ortda qoldirdi (84ta pas). Ammo yulduzli duetning «och o‘yinlari» davom etadi - Ronaldu va Benzema juftligi 11 turdan keyin atigi 2ta gol urgan. Bir haftadan keyin «Atletiko»ga qarshi Madrid derbisi. Balki, futbolchilar o‘sha o‘yinda «ochlik»ni to‘xtatishar?

Bu o‘yinda mezbonlarning 20 yoshli himoyachisi Xesus Valxeo yaxshi taassurot qoldirdi.

Rafael Varanning jarohat olishi ushbu futbolchiga o‘zini ko‘rsatishga imkon bergandi. Zidan Ashrafni o‘yin qaydnomasiga kiritmadi va Valxeo asosiy tarkibda, Ispaniya chempionatida debyut qildi. Uning «Real» tarkibidagi rasmiy debyuti Ispaniya Kubogida, «Fuenlabrada»ga qarshi o‘yinda ro‘y bergan, o‘shanda ham u o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatgandi. La Ligadagi debyut o‘ziga xos bo‘ldi, 35 yil ichida ilk marta klub akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lmagan yosh futbolchi debyut qildi. Valxeo 2 yil oldin «Saragosa»dan sotib olingandi, u birinchi mavsumni ijara asosida o‘tkazgan, o‘tgan mavsumda esa «Ayntraxt» klubida to‘p surgan. Bunday holat oxirgi marta 1982-83 yilgi mavsumda Pako Boneta bilan ro‘y bergan, bu futbolchi Madridga «Elche»dan kelgandi.

Messida 600

Turning markaziy uchrashuvi shanba oqshomida, «Kamp Nou»da «Barselona» va «Sevilya» o‘rtasida kechdi. Kataloniyaliklar yetakchisi Lionel Messi uchun bu yubiley uchrashuv edi, u 600-marta ushbu jamoa safida maydonga tushdi. U bu o‘yinlarda 523ta gol urgan va 30ta sovrinni qo‘lga kiritgan, ancha vaqtgacha hech kim takrorlay olmaydigan rekordlarni o‘rnatgan.

Andalusiyaliklar jamoasi argentinalik bu futbolchining sevimli klubi hisoblanadi - u Ispaniyada eng ko‘p golini shu jamoa darvozasiga yo‘llagan (29ta). Bu borada ikkinchi o‘rinda «Atletiko» (27), uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarda «Real» hamda «Valensiya» jamoalari (24). U bu jamoaga yubiley uchrashuvida yubiley - 30-golini urishi kutilgandi. Ammo bu safar ham u yubiley uchrashuvni golsiz o‘tkazdi. Bungacha u №100, №200, №300 va №400 o‘yinlarda gol ura olmagan. 500-uchrashuvda bu an'anaga barham bergan edi, 600-uchrashuvda esa davom etdi.

Shanba kungi o‘yin qahramoni Pako Alkaser bo‘ldi.

Uning ikki goli jamoaga muhim g‘alaba keltirdi.

No Thomas - No Partey

«Atletiko» «Valensiya» va «Barselona» kabi bu mavsumda hali mag‘lubiyat bilmadi. Ammo Madrid jamoasiga duranglar virusi yuqqan - Simeone shogirdlari oxirgi 7 uchrashuvdan 6tasida durang qayd etgandi. Jamoaning oxirgi g‘alabasi oktabr oyi boshida Vigoda, «Selta»ga qarshi o‘yinda kuzatilgandi. 

«Atletiko» muxlislari No Thomas - No Partey yozuvi tushirilgan futbolkalarni chiqarishsa ham bo‘ladi. Bunday ibora Andrey Pirlo bilan bog‘liq. Dastlab «No Pirlo – No Party» iborasi (Pirlosiz hech qanday ziyofat yo‘q) paydo bo‘lgandi.

Ikkinchi uchrashuvdirki, «matraschilar»ning ganalik yarim himoyachisi Tomas Partey jamoa uchun muhim golni urmoqda. Hafta avvalida u jamoani YeChL doirasida «Qorabog‘»ga qarshi o‘yinda kuchli zarbasi bilan mag‘lubiyatdan qutqarib qolgandi.

Shanba kuni «Deportivo»ga qarshi o‘yinda esa u qo‘shimcha daqiqalarda gol urib, g‘alaba keltirdi.

Simeone jamoasi La Ligada «Deportivo»ga hech qachon yutqazmagan.

«Atletiko»ning asosiy yulduzi Antuan Grizmann esa hozircha sukut saqlamoqda. U qatorasiga sakkizinchi uchrashuvdirki maydonni golsiz tark etmoqda. Bu uning shaxsiy antirekordi. Oldinda esa Madrid derbisi.

Dzadza to‘xtadi

«Valensiya»ning joriy mavsumdagi eng yaxshi to‘purari Simone Dzadza «Leganes»ga qarshi 3:0 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlangan o‘yinda gol ura olmadi. U bungacha qatorasiga 6 o‘yinda gol urgan va rekord o‘rnatish arafasida turgandi. Ammo valensiyaliklar murabbiyi Marselino uni 78-daqiqada maydondan oldi. Italiyalik futbolchi esa bunga namoyishkorona norozilik bildirdi. U murabbiyga qo‘l berishdan bosh tortdi va o‘yin tugamasidan zaxira o‘rindig‘ini tark etdi.

«Ko‘rshapalaklar» jamoasi uchun bu o‘yindagi g‘alaba mavsumda qatorasiga yettinchi g‘alaba bo‘ldi, bu esa klub tarixida ilk marta kuzatildi.

Vitoriyadagi mo‘'jiza

O‘tgan turda «Malaga» bilan bo‘lgani kabi, bu turda «Alaves» ham mavsumdagi ilk g‘alabasiga erishdi. Jamoa bungacha mavsumdagi 5ta uy uchrashuvida umumiy hisobda 2:11 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. Bu safargi raqib «Espanol» chempionat doirasidagi oxirgi 8 uchrashuvda faqat bir marta mag‘lub bo‘lgandi. Ammo Vitoriyada mo‘'jiza ro‘y berdi, Kristian Santosning yagona goli «Alaves»ga mavsumdagi ilk g‘alabani keltirdi. Qolaversa, bu gol mavsumdagi eng tezkor gol bo‘ldi (45-soniyada).

Tur natijalari

«Betis» – «Xetafe» – 2:2 (0:2)
Gollar: Bergara, 18 (0:1). Portilo, 34 (0:2). Sanabriya, 68 (1:2). Budebuz, 87 (2:2).
«Valensiya» – «Leganes» – 3:0 (1:0)
Gollar: Parexo, 14 (1:0). Rodrigo, 71 (2:0). Mina, 82 – penalti (3:0).
«Deportivo» – «Atletiko» – 0:1 (0:0)
Gol: Partey, 90+1 (0:1).
«Alaves» – «Espanol» – 1:0 (1:0)
Gol: Santos, 1 (1:0)
Chetlatish: Ermoso (Espanol), 39.
«Barselona» – «Sevilya» – 2:1 (1:0)
Gollar: Pako Alkaser, 23 (1:0). Pisarro, 59 (1:1). Pako Alkaser, 65 (2:1).
«Levante» – «Jirona» – 1:2 (0:0)
Gollar: Borxa, 58 (0:1). Stuani, 83 (0:2). Enes Unal, 90+2 (1:2).
«Selta» – «Atletik» – 3:1 (3:1)
Gollar: S.Gomes, 16 (1:0). Aspas, 22 (2:0). Aspas, 26 (3:0). Raul Garsiya, 38 (3:1).
«Real Sosedad» – «Eybar» – 3:1 (2:0)
Gollar: Villian Joze, 12 (1:0). Yanuzay, 28 (2:0). Oyyarsabal, 46 (3:0). Xoan Xordan, 72 (3:1).
«Vilyarreal» – «Malaga» – 2:0 (0:0)
Gollar: Sansone, 68 (1:0). Sansone, 76 (2:0).
«Real» – «Las-Palmas» – 3:0 (1:0)
Gollar: Kazemiru, 41 (1:0). Asensio, 56 (2:0). Isko, 74 (3:0).

Turnir jadvali

Ko‘proq yangiliklar: