Madridda inqiroz. «Real» tojni yechadimi?

Sport 22:00 / 03.11.2017 18073

Iyun oyida «Real» 12-marta Yevropa Chempionlar ligasi kubogini qo‘lga kiritgan, turnir tarixida qatorasiga ikki marta chempion bo‘lgan jamoaga aylangandi. Avgust oyida «Qirollik klubi» Ispaniya Superkubogi uchun «Barselona»ga qarshi kechgan ikki o‘yinda ham g‘alaba qozondi (umumiy hisob 5:1). Oktyabr oyida esa La liga debyutanti «Jirona»ga yutqazdi (1:2), bu madridliklar jamoasining chempionatda ikkinchi marta mag‘lub bo‘lishi edi. Jamoa turnir jadvalida «Barselona»dan 8 ochko ortda qolmoqda. Noyabrning birinchi kunida esa «Uembli»da ilk uchrashuvni o‘tkazgan «Real» «Tottenhem»ga yutqazdi (1:3). Bu Zidan jamoasining Chempionlar ligasi guruh bosqichida ilk marta mag‘lub bo‘lishidir. Qolaversa, bu Madrid jamoasining YeChL guruh bosqichida keyingi 10 yil ichidagi ilk marta ikki to‘p farqi bilan mag‘lubiyatga uchrashi bo‘ldi. 2008 yilda jamoa «Yuventus»ga yutqazgan. 

Keyingi ikki yilda tengsiz bo‘lgan jahonning eng yaxshi klubiga keyingi ikki oyda nima bo‘ldi?

Ishtiyoqning yo‘qolishi

Foto: Champions League

Keyingi 5 yil ichida «Real» futbolchilari Chempionlar ligasi kubogini 3 marta bosh uzra ko‘tarishdi, 2017 yilning mayida Ispaniya chempionligi ham nishonlandi. «Desima»ni «Real» oxirgi marta 2002 yilda qayd etgandi. Keyingi davrda «Real»  Yevropa maydonlarida yaxshi natijalar ko‘rsatsada, ichki chempionatda «Barselona»dan ortda qolardi. O‘tgan yilda esa jamoa yaqqol kuchli o‘yin ko‘rsatdi va 5 yil ichida ilk marta Ispaniya chempionligini nishonladi.

Kardiffda, YeChL finalida «Yuventus» tor-mor etildi (4:1), Yevropa Superkubogi uchun bahsda «MYu» ustidan g‘alaba qozonildi (2:1), Ispaniya Superkubogida «Barselona» taslim qilindi. Va birdan sovrinlarga «to‘yib qolish» yuz berdi. Bu tabiiy jarayon, buni barcha sportchilar boshdan o‘tkazadi, bunday pallada ular professionallik namoyish etishi talab etiladi.

«Bu natija aldamchi. Men «Tottenhem»ning natijalariga ko‘z yummayman, muxlislarning pessimizmini ham tushunaman. Ammo «Real» hamisha qayta oladi va biz bizni o‘ldiga chiqarganlarga joyini ko‘rsatib qo‘yamiz. Albatta biz bu o‘yinga g‘alaba uchun tushgandik. G‘alaba bo‘lmasa, odamlarning fikri oson o‘zgaradi. O‘z tajribamdan kelib chiqqan holda aytishim mumkinki, bunday vaziyatda xotirjamlik saqlab qolishim mumkin», — dedi Ramos Londondagi alamli mag‘lubiyatdan keyin.

«Real» uzoq vaqt davomida «Barselona»ning muvaffaqiyatlarini pastdan turib kuzatgandi va xalqaro maydonda g‘alabali onlarni boshlash uchun kuch va g‘azab to‘pladi. Jamoa o‘tgan asrning ikkinchi yarmida, 1956 yildan 1960 yilgacha bo‘lgan vaqt ichida 5 marta Yevropaning tengsiz jamoasi bo‘lgandi. Professionalizm o‘z yo‘liga, ammo sportda g‘alabaga tashnalik ko‘p narsani hal qiladi. Qachonki u yo‘qolsa, harakat sustlashadi. Jamoa bo‘yicha ham, alohida holda ham.

Krishtianu Ronaldu Yevro-2016 chempionatida yorqin o‘yin namoyish etdi, 4 yil ichida 3 marta «Oltin to‘p» oldi (dekabr oyida u navbatdagi mukofotni qo‘lga kiritishi oydinlashmoqda) – portugaliyalik futbolchi erishmagan maqsad qoldimi? Eng yuqorida bo‘lgan «Real» endi kimga hamla qilishi kerak edi, bu cho‘qqida undan boshqa hech kim yo‘q bo‘lsa?

Jarohatlar

Foto: Marca

Vaziyatga real yondashilsa, yuzaga kelgan inqirozning asl sababi jarohatlar sifatida ko‘rsatiladi. O‘tgan mavsumda Zidanni rotatsiyalar qiroli deb atashgandi: futbolchilarni maydonga shunday joylashtirardiki, yetakchi futbolchilar ko‘p kuch saqlashi va jarohatlardan saqlanishi mumkin edi. Yakunda Kardiff finalida «Real» birinchi bo‘lim oxiriga boriboq charchab qolgan «Yuventus»ni osonlik bilan taslim etdi. Bu safar esa bunday bo‘lmayapti. «Qaymoqranglilar» jamoasi lazareti kishini vahimaga soladi: Beyl, Karvaxal, Kovachich, Navas, Varan – bular hamon jarohatdan tuzalishda davom etayotgan futbolchilar ro‘yxati. Marselo jarohati tufayli bir necha haftani o‘tkazib yubordi, Benzema 1 oy davomida jamoaga yordam bera olmadi – bunday holatda rotatsiya qilish haqida gap bo‘lishi ham mumkin emas. Braziliyalik va fransuz futbolchilar hozirda safga qaytgan bo‘lishsada, avvalgi formasiga qayta olishmayapti, darvozani esa tajribasiz Kasilya qo‘riqlamoqda, Zidan qanotni Ashrafga topshirishga majbur bo‘lmoqda – ammo u Karvaxal kabi emas.

«Ehtimol ayrim futbolchilarning jismoniy holati boshqalarnikidan yomonroqdir. Ammo umuman olib qaralsa, bizning futbolchilarimiz yaxshi holatda. Albatta, biz bu natijalardan xursand emasmiz. Ammo hali oldinda ko‘plab o‘yinlar bor va biz vaziyatni o‘zgartira olamiz», degan Zidan.

Yetakchilarda pasayish

Foto: Bleacher Sport

«Real» o‘tgan yili ham og‘ir vaziyatlar bilan to‘qnashgandi. Ammo jamoani ikki narsa qutqarib qolardi: yoki 93-daqiqada Serxio Ramosning boshi (uning oxirgi daqiqalarda urilgan gollari g‘alabalar va duranglar olib kelardi), yoki Ronaldu barchasini o‘z qo‘liga, aniqrog‘i oyog‘iga olar va bir o‘zi o‘yinni hal etardi. Ramos bu mavsumda ham raqib jarima maydoniga kelmoqda, ammo befoyda. Portugaliyalik futbolchi uchun esa joriy chempionat butkul omadsiz keldi, avvaliga u 4 o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi. U qaytganidan keyin «Real» 6 o‘yin o‘tkazib, 2 bor mag‘lub bo‘ldi, Krishtianu bu o‘yinlarda faqat bir gol urdi. Madrid «qiroli» sukutga cho‘mdi, u faqat «Tottenhem»ga qarshi o‘yindan keyin tilga kirdi.

«Tarkibimizga qo‘shilgan futbolchilar katta salohiyatga ega. Ammo Pepe, Xames va Morata bilan «Real» kuchliroq edi. Yangi kelganlar esa hali yosh. Bundan tashqari, bizga Karvaxal va Beyl yetishmayapti.

«Real» — kuchsiz jamoa emas, biroq hozirgi tarkibning tajribasi kamroq, bu esa muhim jihat. Bu gaplarim bilan mag‘lubiyatga bahona izlamayapman», dedi u Marca nashriga bergan intervyusida.

Kuchsiz zaxira

«Real» mavsumlar oralig‘ida osonlik bilan Alvaro Morata (u «Chelsi»ga o‘tdi) va Xames Rodrigesdan (u «Bavariya» tomonidan ijaraga olindi) voz kechdi. Bu futbolchilar o‘tgan mavsumda maydonga tushib, o‘yinni sezilarli darajada kuchaytira olishar, muhim gollarni urishardi. Kolumbiyalik futbolchi asosan zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan bo‘lsada, 11 gol urgan va 11 golga uzatma bergan, ispaniyalik futbolchida esa ko‘rsatkichlar yanada yaxshiroq – 20 gol va 4ta golli pas.

Joriy mavsumda 10 turdan keyin «Qirollik klubi» 19 gol urdi, eng yaxshi bombardirlar – Marko Asensio va Isko (3tadan gol), u Ronaldu va Benzema faqat bir martadan raqiblar darvozalarini ishg‘ol etgan. Zaxiradan o‘yinni kuchaytirishi kerak bo‘lgan futbolchilar – Lukas Vaskes, Markos Lorente, Dani Sebalos kabilar o‘z imkoniyatlari darajasida o‘yin ko‘rsatishmayapti. Bu vaqtda Alvaro Londonda, Angliya premer-ligasida 7 gol urib bo‘ldi.

Vaziyatlardan foydalana olmaslik

Foto: AS

«Real» har o‘yinda hujum qilmoqda va zarbalar bermoqda. Ammo samaradorlik ko‘rsatkichlari juda past. Har o‘n zarbadan faqat bittasi golga aylangan (193 zarbadan 19 gol). Ronaldu ko‘p marta darvoza to‘siniga to‘pni tekkizdi, bir necha marta bir necha metrdan gol ura olmadi, Benzema qushlarni nishonga oladi, Beyl esa yulduzlarni. Bugungi «Real»da eng yaxshi futbolchi – Isko, ammo u hech bir o‘yinda yolg‘iz o‘zi jamoani qutqara olmadi. U fantastik formada, u har o‘yinda jamoadoshlarini o‘tkir paslari bilan oldinga boshlaydi, ajoyib fintlar va ayyorona zarbalari bilan raqiblarni shoshirib qo‘yadi, ammo uni qo‘llab-quvvatlovchi yo‘q. Jamoa bir mexanizm emas, hamma futbolchi ham oyoqqa tura olmayapti.

Zidanga chaqiriq

Bunday yomon start «Real»da Joze Mourino davridan buyon kuzatilmagandi. Oxirgi marta madridlar ilk 10 turda 20 ochko jamg‘arishi 2012/13 yilgi mavsumda kuzatilgan. O‘sha mavsum portugaliyalik mutaxassis uchun Ispaniya poytaxtidagi oxirgi mavsumga aylangan, jamoa mavsumni Tito Vilanova boshqaruvidagi «Barselona»dan 15 ochko ortda qolgan holda ikkinchi o‘rinda yakunlagandi. 2006/07 yilgi mavsumda ham, Fabio Kapello murabbiy bo‘lganida madridliklar ilk 10 turda 20 ochko jamg‘argan, ammo o‘sha mavsumda jamoa oxirigacha kurashgan va yakunda chempionlikka erishgandi. Bugungi vaziyatni Zinedin Zidan uchun muhim chaqiriq deb baholash mumkin: «Real» hech qachon birinchi o‘rindagi jamoadan 8 ochko ortda borib, yakunda chempionlikka erisha olmagan. Bu yil bahorda nima bo‘lishi qiziq: «Qirollik klubi» tarixni o‘zgartiradimi yoki tojini g‘olib oyoqlari ostiga tashlaydimi?

Ko‘proq yangiliklar: