Karles Puyol yana O‘zbekistonga keladi

Sport 15:55 / 01.11.2017 21242

«Barselona» klubining sobiq himoyachisi, Ispaniya terma jamoasi tarkibida Yevropa va Jahon chempioni bo‘lgan Karles Puyol joriy yilning 9 noyabr kuni Toshkentga tashrif buyuradi.

O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov shu yilning sentabr oyida Shveytsariyaning Tsyurix shahrida FIFA prezidenti Janni Infantino bilan uchrashgandi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston delegatsiyasi futbol targ‘ibotini kuchaytirish maqsadida FIFAdan dunyo futbolining yorqin afsonalari va buguni kun yulduzlarini O‘zbekistondagi yosh futbolchilarga master-klass o‘tab berishi uchun taklif qilishda FIFAning amaliy yordam berishini so‘ragandi.

FIFA prezidenti Janni Infantino o‘sha uchrashuv davomida O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan mamlakatda futbol rivojini yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholab, Jahon futboli yulduzlarini O‘zbekistonga yuborishda amaliy yordam berishni va'da qilgandi.

Puyolning O‘zbekistonga tashrifi shaxsan FIFA prezidenti Janni Infantino tomonidan uyushtirilayotgan bo‘lib, bu orqali FIFA prezidenti O‘zbekistonda futbolni yanada rivojlantirish maqsadida federatsiya tomonidan amalga oshirilayotgan katta hajmdagi chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash va futbolning ommaviyligini oshirishga hissa qo‘shishni maqsad qilgan.

Karles Puyol tashrifi davomida O‘zbekistondagi futbol akademiyalari va bolalar futbol maktablari bilan yaqindan tanishadi hamda u yerda futbol sir-asrorlarini o‘rganayotgan yosh futbolchilar uchun master-klasslar o‘tkazib beradi.

Shuningdek, Jahon futboli afsonasi o‘zbek futboli bilan yaqindan tanishish maqsadida Oliy liga 28-tur doirasida bo‘lib o‘tadigan «Paxtakor» va «Olmaliq» jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni ham bevosita «Paxtakor» stadionidan turib tomosha qilib borishi rejalashtirilgan.

«Karles Puyol kabi Jahon darajasidagi futbol yulduzlarining yurtimizga tashrifi O‘zbekistonda futbolni ommaviylashtirish va targ‘ib qilish, o‘sib kelayotgan yosh avlod o‘rtasida futbolga bo‘lgan qiziqishni yanada oshishiga xizmat qilishi aniq», deyiladi O‘FF matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Karles Puyol hali futbolchi vaqtida, 2008 yili O‘zbekistonga kelgandi. O‘shanda Toshkentning boshqa bir jamoasi «Bunyodkor» klubi rahbariyati kataloniyaliklar jamoasining 3 yetakchisini, Karles Puyol, Andres Inesta va Sesk Fabregasni taklif qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: