Madrid uchun qora kun, «Barselona»da qo‘lqopli Messi. La Ligada turning asosiy voqealari

Sport 15:30 / 31.10.2017 25757

30 oktabr kuni «Espanol»-«Betis» (1:0) hamda «Las-Palmas» - «Deportivo» (1:3) uchrashuvi orqali Ispaniya chempionatining 10-tur uchrashuvlari yakunlandi. «Tribuna» tur yakunlarini sarhisob qiladi.

Ispaniya poytaxtida - 8

«Real»ning Jironaga, Kataloniyadagi voqealar markaziga kelishi bilan bog‘liq barcha trevogalar bo‘rttirilgan bo‘lib chiqdi. Ispaniya nashrlarining xavotirlari o‘rinsiz bo‘ldi va Jironada hech narsa ro‘y bermadi.

Barcha voqealar maydonda bo‘lib o‘tdi. Maydonda siyosatdan xoli voqealar kechdi. Madridning boshqa bir jamoasi «Atletiko»dan ochko tortib olgan «Jirona» o‘z devorlari orasida yanada matonatliroq bo‘lib chiqdi. Bu safar ular o‘z bo‘yidan bir bosh baland sakrashdi. «Qaymoqranglilar»da barchasi joyida ko‘rinayotgandi, birinchi bo‘limda Isko qarshi hujumni gol bilan yakunladi va jamoalar tanaffusga 1:0 hisobidagi ustunlik bilan yo‘l olishdi.

O‘yinning ikkinchi qismi esa maydon egalari ssenariysi ostida kechdi. Stuani va Portu 4 daqiqa ichida Kasili darvozasiga 2 marta to‘p joylashdi.

Zidan yutqazishni istamagandi. U 3 himoyachili sxemaga o‘tdi, qanotlardan Marselo va Ashraf Hakimini olib, Vaskes va Asensioni maydonga tashladi. Ammo o‘yinning qolgan daqiqalarida «Jirona» devorga aylandi va mavsumdagi ikkinchi g‘alabasiga erishish uchun uni himoya qildi. Yaqindagina mustaqillik e'lon qilgan Kataloniya Respublikasi o‘zining ilk katta muvaffaqiyatini nishonladi.

«Real» 1990 yildan buyon ilk marta debyutantga qarshi uchrashuvni boy berdi. Ronaldu va Benzema yana golsiz maydonni tark etdi.

Bir kun ilgari Bilbaoda o‘z o‘yinida g‘alaba qozongan «Barselona» turnir jadvalida «qaymoqranglilar»dan 8 ochko oldinga o‘tib ketdi. Hali qishgacha uzoq, ammo Madridga oktabrdayoq qish keldi, deraza ortida - 8 daraja.

Valverdening qaytishi

Bilbaoda 12 mavsum o‘tkazgan (6 mavsumni futbolchi sifatida va yana 6 mavsumni «Atletik» bosh murabbiyi sifatida, u 2003-05 va 2013-17 yillarda jamoani boshqargan) Ernesto Valverde qadrdon shaharga qaytdi. Qiziq jihati shuki, u «San Mames»da murabbiy sifatidagi ilk o‘yinini aynan «Barselona»ga qarshi o‘tkazgandi.

Valverdi turli yillarda «Espanol», «Valensiya» va «Vilyarreal» jamoalari bilan ham Bilbaoga kelgan, ammo hech qaysi o‘yinda g‘alabaga erisha olmagandi (4 mag‘lubiyat va 1 durang). «Barsa» uning bu salbiy statistikasini yaxshilab berdi, katalonlar basklarni 2:0 hisobida yengdi. O‘yindagi gollar Messi va Paulino tomonidan urildi, ammo g‘alabaga Mark-Andre ter Shtegenning hissasi ham kam bo‘lmadi.

Bilbaodagi o‘yin «Barselona»ga oson kechmadi. Lekin kataloniyaliklar joniga Mara-Andre ter Shtegen bir necha marta oro kirdi. Nemis darvozaboni 4-5 marta jamoani muqarrar gollardan qutqarib qoldi. Aduris va kompaniya unga tan berishdi, kataloniyalik muxlislar uni olqishlashdi: «Ter Shtegen – qo‘lqop kiygan Messi!».

Ushbu videolarda uning qahramonliklarini kuzatish mumkin.

«Barselona» shu tariqa klub tarixidagi eng yaxshi startni qayd etdi. Jamoa mavsum startidagi 10 o‘yinda 28 ochko to‘pladi, Messi esa to‘purarlar poygasida yaqqol peshqadamlikni davom ettirmoqda. Kataloniya shu kunlarda mustaqillik e'lon qilgan, ammo klub bu voqealarga nisbatan sukut saqlashni lozim topishmoqda. Ular o‘z so‘zlarini maydonda aytishmoqda.

Godin va «Atletiko»

Argentinalik Serxio Aguero, braziliyalik Felipe Luis va portugaliyalik Tiagu Mendeshni bir jihat birlashtirib turadi, ular «Atletiko» safida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan xorijlik futbolchilardir. Endi ularning safiga urugvaydlik Diyego Godin ham kirdi. U shanba kuni «matraschilar» safida 315-o‘yinini o‘tkazdi va kolumbiyalik Luis Pereani (314) ortda qoldirdi. 

Madridliklar jamoasi bu turda muxlislariga yana bir «syurpriz» tayyorlashgandi. Jamoa yana g‘alaba qozona olmadi - «Vilyarreal»ga qarshi o‘yin 1:1 hisobida yakunlandi. Bu esa ularning chempionatdagi beshinchi durang natijasi bo‘ldi. Simeone jamoasi keyingi 7 o‘yinda faqat bitta g‘alabaga erishgan (o‘yinlardan 2tasi Chempionlar ligasida va bu o‘yinlarda ham durang natija qayd etilgan).

«Yechilgan» Dzadza

Shunday tasavvur uyg‘onadiki, Simone Dzadzaning yelkasida og‘ir tosh bo‘lgan va u shu tufayli yaxshi harakatlana olmagan. Endi u bu toshdan xalos bo‘ldi. Italiyalik futbolchi chempionat doirasida 9ta gol urdi. Taqqoslash uchun u o‘tgan mavsumda 8ta golga mualliflik qilgandi. U «Valensiya» tarixida qatorasiga 6 o‘yinda gol urgan uchinchi futbolchiga aylandi. Agar u keyingi turda «Leganes» darvozasini ham ishg‘ol eta olsa, «ko‘rshapalaklar» jamoasining afsonaviy futbolchisi Edmundo Suares tomonidan 1944 yilda o‘rnatilgan rekordni takrorlaydi.

Faqat Dzadzagina emas, «Valensiya» ham bu mavsumni juda ko‘tarinki ruhda o‘tkazmoqda. Jamoa 7 g‘alaba va 3 durang qayd etgan holda o‘z tarixidagi eng yaxshi startini namoyish etdi. Qolaversa, qatorasiga 6 uchrashuvdagi g‘alaba klub rekordi takrorlanishidir. Futbolchilarga oltin medal topshirishga hali erta, ammo Ispaniyada chempionlik uchun yangi da'vogar paydo bo‘lganini barcha e'tirof etmoqda.

Sevilya jaziramasi

Sevilyada sentabr va oktabr oylarida 32 daraja issiq harorat kuzatilmoqda. Bunday havoda futbol o‘ynash qiyin, tribunalarda o‘tirish esa undan ham qiyinroq. 30 sentabr kuni «Sevilya» - «Malaga» uchrashuvida +34 daraja qayd etilgandi. «Ramon Sanches Pisxuan»ga kelgan o‘nlab tomoshabinlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishga to‘g‘ri keldi. Shundan keyin bu maydondagi o‘yinlarni soat 16:55dan 22:30ga ko‘chirishga to‘g‘ri keldi. «Leganes»ga qarshi o‘yin vaqti 4 kun avval o‘zgartirilgan, shu tufayli o‘yinga chipta olgan ko‘plab muxlislar rejalarini o‘zgartirishga ulgurishmadi. Natijada stadionga muxlislar tashrifi kam bo‘ldi, lekin kelganlarning hech qaysisini quyosh urmadi.

Ben Yyedder va Sarabiyaning gollari «Sevilya»ning omadsizliklariga chek qo‘ydi, bu jamoa qatorasiga 3 o‘yinda mag‘lub bo‘lgandi. Bu uchrashuvlardagi umumiy to‘plar nisbati - 1:10.

«Malaga»ning ilk g‘alabasi

«Malaga» «Selta»ni mag‘lubiyatga uchratdi. Malagadagi «La-Rosaleda» stadionida bo‘lib o‘tgan bahs mezbonlarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Adrian Gonsales birinchi bo‘lim oxirlarida uchrashuvdagi hisobni ochdi. Yago Aspas 76-daqiqada javob to‘pini kiritdi. Resio oradan yetti daqiqa o‘tib penaltini aniq amalga oshirdi va mezbonlarga g‘alaba keltirdi.

«Malaga» musobaqadagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi hamda Ispaniya primerasi turnir jadvalining 19-o‘rnida bormoqda. Endi jamoa bosh murabbiyi Michel yengil tin olsa bo‘ladi.

Ispaniya chempionati
10-tur

«Alaves» – «Valensiya» – 1:2 (0:1)
Gollar: Dzadza, 34 (0:1). Aleksis, 49 (1:1). Rodrigo, 66 – penaltidan (1:2).
«Atletiko» – «Vilyarreal» – 1:1 (0:0)
Gollar: Korrea, 61 (1:0). Bakka, 81 (1:1).
«Atletik» – «Barselona» – 0:2 (0:1)
Gollar: Messi, 36 (0:1). Paulinyu, 90+2 (0:2)
«Sevilya» – «Leganes» – 2:1 (1:0)
Gollar: Ben Yyedder, 20 (1:0). Shimanovski, 48 – penaltidan (1:1). Sarabiya, 54 (2:1).
«Xetafe» – «Real Sosedad» – 2:1 (0:1)
Gollar: Oyyarsabal, 5 (0:1). Anxel, 78 (1:1). Xorxe Molina, 85 – penaltidan (2:1).
«Jirona» – «Real» – 2:1 (0:1).
Gollar: Isko, 12 (0:1). Stuani, 54 (1:1). Portu, 58 (2:1).
«Eybar» – «Levante» – 2:2 (0:2)
Gollar: Morales, 35 (0:1). Bardi, 37 (0:2). Arbilya, 51 (1:2). Sharles, 74 (2:2).
«Malaga» – «Selta» – 2:1 (1:0)
Gollar: Adrian Gonsales, 45+2 (1:0). Aspas, 76 (1:1). Resio, 83 – penaltidan (2:1).
«Espanol»  «Betis» – 1:0
Gol: 1:0 – 55 Moreno.
«Las-Palmas» - «Deportivo» – 1:3
Gollar: 1:0 – 7 Remi, 1:1 – 36 Borxes, 1:2 – 54 Borxes, 1:3 – 69, penalti Peres.

Turnir jadvali

 

Ko‘proq yangiliklar: