Barselona internet buyumlardan "internet-fuqarolar"ga o‘tadi

Jahon 21:47 / 30.10.2017 4337

Tezkor internet, bepul Wi-Fi, avtoturargohlar va hatto chiqindi baklaridagi datchiklar - Barselona so‘nggi yillarda namnaviy aqlli shaharga aylandi. Biroq aholiga foyda keltirish uchun ma'lumotlar to‘plamining o‘zi yetarli bo‘lmadi. Barselona endi strategiyasini o‘zgartiradi va internet-buyumlardan "internet-fuqarolar"ga o‘tadi. 

Barselona misolida shahar muhiti uchun internet-buyumlar imkoniyatlarini o‘rganish mumkin, shu bilan birga, ma'lumotlarni to‘plashning bunday tizimlaridagi kamchiliklarni tahlil qilish mumkin. Masalan, shahar parklaridagi aqlli datchiklar ekinlarni sug‘orishga sarflanuvchi suvni tejash va xarajatlarni qisqartirish imkonini beradi. 

Shuningdek ba'zi loyihalar kutilmagan natijalarga olib keldi. Bunday misollardan biri - ko‘chaning yoritilishi. Barselonadagi shahar fonarlari aqlli LED-lampalar va atrofda odamlar bor yo yo‘qligini aniqlovchi maxsus datchiklar bilan ta'minlandi. Agar hech kim bo‘lmasa, chiroq o‘chadi. Biroq hukumat texnologiya uchun boshqa qo‘llanma topdi va odamlarni jalb qilish maqsadida shahar bayramlari va boshqa tadbirlar o‘tkaziluvchi joylarni yorug‘lik bilan ta'minlaydigan bo‘ldi. 

Ba'zi texnologiyalar samarasiz bo‘lib chiqdi. Masalan, avtoturargohlardagi elektromagnit datchiklar u yerda qancha joy bo‘shligi va qanchasi band ekanini aniqlashi kerak edi. Biroq yer ostidan metro o‘tishi bilan datchiklar buzilib, barcha o‘rinlar bandligini ko‘rsatgan. Shunday bo‘lsa-da, bunday datchiklar ko‘p qavatli shahar avtoturargohlarida o‘z samarasini ko‘rsatdi va hatto shaharga qo‘shimcha daromad keltirdi.

Francheska Bria Barselona ma'muriyatida texnik direktor lavozimini egallagan, shu bilan birga u shaharning raqamli strategiyasi rivoji bilan shug‘ullanadi. U Financial Times'ga bergan intervyusida nima uchun aqlli shaharning ba'zi loyihalari muvaffaqiyatsiz natija ko‘rsatganiga izoh berdi: "Ma'muriyatning qo‘liga juda ko‘p ma'lumotlar kelib tushdi, biroq bu ma'lumotlarni tahlil qilish va ulardan fuqarolar uchun foyda olishga vaqt bo‘lmagan".

Bria yana bir muammoni internet-buyumlarning yagona standarti yo‘qligida deb biladi. Turli yetkazib beruvchilarning datchiklari, alohida ilovalar va dasturlar ma'lumotlar tarqoq xaosiga olib keldi. "Barselona o‘zi uchun asosiy saboqni o‘zlashtirdi - yagona platformasiz aqlli shaharni qurib bo‘lmaydi", - deydi Bria.

Barselonaning yangi strategiyasi diqqatni nafaqat ma'lumotlar to‘plashga, balki ularning tahliliga ham qaratadi. Texnik direktorning so‘zlariga ko‘ra, endi texnologiyalardan muayyan kun tartibini ilgari surish uchun emas, fuqarolarga xizmat qilish uchun foydalaniladi. Barselona hukumati buning uchun ochiq kod va yagona standartli yagona datchiklar tarmog‘ini yaratishga kirishadi. Tizim shahar hukumatiga tegishli bo‘lsa-da, fuqarolar va kompaniyalar ham ba'zi ma'lumotlarga kirish imkoniga ega bo‘lishadi. 

Ko‘proq yangiliklar: