Joze-taym. «MYu» «Siti»ni quvishda davom etadi

Sport 18:30 / 29.10.2017 8843

28 oktabr kuni «Manchester Yunayted» mavsumning muhim uchrashuvlaridan birida g‘alaba qozondi. Chempionlik uchun asosiy da'vogarlardan sanalayotgan «Tottenhem» «Old Trafford»da taslim etildi.

Shanba oqshomining, balki kuz faslining asosiy kadri

Turning markaziy uchrashuv yakunlangani haqidagi hakam hushtagi yangragan on. Operator Joze Mourinoni katta planda namoyish etdi, u esa kameraga tikilib ko‘rsatkich barmog‘ini lablari ustiga bosdi. Uning ortida tushkun holatdagi Maurisio Pochettino qadam tashlab kelayotgani ham bu suratning muvaffaqiyatli chiqishiga xizmat qildi. «MYu» va «Tottenhem» murabbiylarining bir-biriga qo‘l tashlashi shu alfozda ro‘y berdi, ammo Mourino o‘yindan keyingi matbuot anjumanida raqibga hurmat bildirdi.

Mourino janjalga o‘ch ekani hech kimga sir emas. U busiz oddiy murabbiyga aylanib qolgan bo‘lardi. Agar u shunday bo‘lmaganida, ehtimol «Manchester Yunayted»ga taklif etilmasdi ham. Axir zamonaviy top-klubga nafaqat tajribali murabbiy, balki klubni yanada mashhur qila oladigan brend-murabbiy kerak. «MYu» esa shunday murabbiyni qo‘lga kiritgan. Uning shu sifatlari tufayli jamoaning o‘tgan mavsumdagi natijalari unutildi, o‘tgan mavsumning kumush medallari sovrindoriga qarshi nursiz o‘yini kechirildi.

Mourinoning o‘yin uslubi - himoyada o‘tirish va raqibning harakatlariga qarab hujumga o‘tishdan iborat. Portugaliyalik mutaxassis bunday taktikani o‘z vaqtida «19 asr futboli» deb atagan, bir necha yil muqaddam «Vest Hem» bosh murabbiyi «Chelsi»ga qarshi butunlay himoyaviy o‘yin ko‘rsatib, natijaga erishib qaytgani, uning g‘azabini keltirgandi. Endi esa uning o‘zini «19 asr futboli qiroli» deb atashmoqda.

No Harry, no party

«MYu» xuddi «Liverpul» bilan o‘yinda bo‘lgani kabi «Tottenhem»ni ilojsiz qoldirdi. Mehmonlarga to‘p nazorati topshirildi, ammo Pochettino shogirdlari De Xea darvozasiga yaqinlasha olishmadi. 

«To‘pni «Tottenhem» nazorat qildi, biz «Tottenhem» o‘yinini nazorat qildik. Raqib faqat bir marta, Alli hujum qilgan vaziyatda golli vaziyat yarata oldi», dedi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida Joze Mourino. U to‘g‘ri gapirdi, raqib bu o‘yinda faqat ikki marta darvoza tomon aniq zarba berdi va ikkisi ham ispaniyalik darvozabon uchun ortiqcha qiyinchilik tug‘dirmadi.

Nima uchun? Chunki, bu o‘yinda jarohat tufayli «Tottenhem»ning asosiy hujumchisi Harri Keyn ishtirok eta olmadi. Bir necha hafta ilgari «Manchester Siti» jamoasi bosh murabbiyi Xosep Gvardiola «shporlar»ni «Harri Keyn jamoasi» deb atagandi. Pochettino bundan xafa bo‘lgan, ammo kataloniyalik murabbiy uzr so‘ramagandi. Ammo keyingi natijalar Gvardiola haq bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Keynsiz jamoa avvaliga Angliya ligasi kubogidan chiqib ketdi, endi esa chempionlik poygasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqibga yutqazib, uni oldinga qo‘yib yubordi.

Jamoada shunchaki Keynga o‘rindosh yo‘q. Lorente 32 yoshda, uni zaxira uchun sotib olishgan. Yanssen ishonchni oqlamagani uchun ijaraga berib yuborishdi. Boshqa hujumchi yo‘q. Son Xin Min esa qanot hujumchisi, Pochettino uni markazga qo‘yishi foyda bermadi. 90 daqiqa davomida koreyalik bu futbolchi raqib darvozasi tomon faqat bir marta zarba berdi, ammo to‘p to‘g‘ri bormadi ham. Ushbu futbolchi biroz avvalroq Keynga tenglasha olmasligini ochiq tan olgan, uni «monstr» deb atagandi. Hayron qolgulik joyi yo‘q.

«Agar Alli gol urganida, siz menga Keynni eslatmagan bo‘lardingiz. Hamma natija uchun o‘ynaydi. Keynni alohida ajratib ko‘rsatish shart emas», dedi o‘yindan keyin Pochettino.

Fergyusonni esga olib

Londonliklarning asosiy hujumchisi o‘yinga tushganida «MYu» mag‘lubiyatga uchratilgan bo‘lishini taxmin qilish kerak emas. Shunisi faktki, «MYu» raqibni mag‘lub qildi. Mourinoni qo‘rqoqona taktikasi uchun ko‘p so‘kishadi, ammo himoya chizig‘ini ishonchli o‘yinlar uchun maqtashni esdan chiqarishadi. Axir ishonchli himoya tufayli portugaliyalik mutaxassis chempionat startidagi 5ta uy o‘yinini «quruq» o‘tkazdi - 5 g‘alaba, to‘plar nisbati 15:0.

«MYu»ga g‘alabani Marsiyal keltirdi. U «Tottenhem» himoyachilarini o‘yinning oxirgi qismida, 85-daqiqada dog‘da qoldirib ketdi.

«Biz bitta xato tufayli yutqazishimiz ham mumkin edi, ammo xatoni «shporlar» qilishdi», dedi Mourino o‘yindan keyin. 

Mourinoning «MYu»si o‘tgan mavsumdayoq o‘yinlarning oxirgi qismida muhim gollarni urib, natijaga erishishi bilan ser Aleks Fergyuson davridagi «MYu»ni esga sola boshlagandi. Avvalgi «MYu»da bunday natijalardan, xususan, 1999 yili Chempionlar ligasi finalida «Bavariya»ga qarshi o‘yindagi voqealardan keyin «Fergi taym» iborasi paydo bo‘lgandi.

Endi Mourino-taym, yoki Joze-taym urfga kirmoqda: bu jamoa APLning 10ta o‘yinida oxirgi 10 daqiqalikda (yoki qo‘shimcha daqiqalarda) g‘alaba golini urgan.

Ko‘proq yangiliklar: