APL. Marsialning goli «Manchester Yunayted»ga «Tottenhem» ustidan g‘alaba keltirdi

Sport 18:32 / 28.10.2017 8541

Angliya Premer-ligasining 10-turida «Manchester Yunayted» o‘z maydonida «Tottenhem»ni qabul qildi.

Birinchi bo‘lim mehmonlarning ustunligida o‘tdi. Ammo gol urish uchun har ikkala jamoada bittadan vaziyat bo‘ldi. 

12-daqiqada, Reshfordning chamasi 30 metr masofadan amalga oshirgan jarima zarbasidan so‘ng, darvozabon Loris qiyinchilik bilan to‘pni qaytara oldi.

41-daqiqada, burchak zarbasi amalga oshirilgach, Dayyer yaqin masofadan darvozani o‘qqa tutdi, biroq uning zarbasi kuchli chiqmadi.

Ikkinchi bo‘limning birinchi yarmida «MYu» katta bosim uyushtirib, xavfli hujumlarni amalga oshirdi. 

54-daqiqada Mxitaryanning jarima maydoni ichidagi kuchli zarbasini Loris qaytara oldi. Oradan bir daqiqa o‘tgach, yana uning aniq zarbasiga darvozabon to‘g‘anoq bo‘ldi.

73-daqiqada Lukaku himoyachilar xatosidan unumli foydalana olmadi. Bu safar ham Loris zarbani qaytarishga erishdi. Oradan sal o‘tgach, Dele Alli to‘pni darvozaga yo‘llashiga sal qoldi. Ammo uning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasi noaniq ketdi. 

79-daqiqada Lukakuning boshi bilan yo‘llagan zarbasidan so‘ng, to‘p darvoza ustuniga tegib qaytdi.

81-daqiqada hisob ochildi. De Xea to‘pni o‘yinga kiritib, maydon markaziga yo‘lladi. Lukaku uni boshi bilan raqib jarima maydoniga yo‘lladi. To‘pni egallab olgan Marsial yaqin masofadan aniq zarba yo‘llab, hisobni ochdi.

Qolgan daqiqalar da boshqa gol urilmadi va «MYu» kichik hisobdagi g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Bu natijadan so‘ng, «MYu» 23 ochko bilan ikkinchi, «Tottenhem» esa 20 ochko bilan musobaqa jadvalida uchinchi o‘rinni egallab turibdi.

APL, 10-tur
Manchester Yunayted – Tottenhem 1:0 (0:0, 1:0)
28 oktabr, «Old Trafford» stadioni

Gol: 1:0 – 81 Marsial 
Manchester Yunayted – De Xea, Smolling, Jons, Valensiya, Bayi, Errera, Yang (Darmian, 90), Matich, Mxitaryan (Lingard, 65), Reshford (Marsial, 70), Lukaku.
Tottenhem – Loris, Vertongen, Devis, Ore, Alderveyreld, Alli, Dayyer, Sissoko (Dembele, 62), Eriksen, Uinks, Son Xyon Min (Lorente, 62).
Ogohlantirish: Valensiya (73).

Ko‘proq yangiliklar: