Jasurbek Ibrohimov ishi bo‘yicha sud hukmi o‘qiladigan sana ma'lum bo‘ldi

Jamiyat 22:29 / 27.10.2017 25326

P.Borovskiy kollejining marhum talabasi Jasurbek Ibrohimov o‘limi bo‘yicha olib borilayotgan sud eshituvlari yakuniy bosqichga kirdi. Ushbu ishni ko‘rib borayotgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tumani sudi sudyasi M.Matchonov 30 oktabr kuni o‘z hukmini o‘qiydi. 

27 oktabr kungi sud majlisida jabrlanuvchi nomidan ishtirok etayotgan Nilufar Aliyeva, uning advokati L.Ismoilova, sudlanuvchi Islombek To‘laganovning advokatlari Yu.Ibrohimov, F.Tohirov mazkur ish bo‘yicha o‘z xulosalarini taqdim qilishdi. 

L. Ismoilova

N.Aliyeva hamda advokat L.Ismoilova o‘z ko‘rsatmalarida tergov jarayoni va sud majlislarida o‘zlari qayd qilishgan bir-biriga zid bo‘lgan jihatlarni ma'lum qilishdi hamda jinoiy ishni guruh bo‘lib o‘limga olib kelgan tan jarohati yetkazish, deya qayta tavsiflashni so‘rashdi. N.Aliyeva hamda L.Ismoilova prokurorning sudlanuvchiga 6 yil muddat so‘ragani, uning sud jarayonida ishtirok etgan guvohlar ko‘rsatmalarida ayrim mos kelmagan jihatlarga e'tibor bermaganini ta'kidlashdi. Ular suddan odil hukm chiqarishni so‘rashdi. 

F.Tohirov

Sudlanuvchi I.To‘laganovning advokatlari F.Tohirov va Yu.Ibrohimov Jasurbek ishida o‘z himoyasidagi shaxsning aybi kamligini, ya'ni uning Jasurbekka tan jarohati yetkazish yoki uni qasddan o‘ldirish niyati bo‘lmagani, bundan tashqari, jinoyatni sodir etgan vaqtda voyaga yetmagani, asosiy aybdor tomon o‘z vaqtida aniq tashxis qo‘ymagan va jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazmagan tibbiyot xodimlari ekanini e'tiborga olgan holda I.To‘laganovni jazodan ozod qilishni so‘rashdi. 

Yu.Ibrohimov

Shundan so‘ng, sudlanuvchi I.To‘laganovga so‘nggi so‘z berildi. U jabrlanuvchining ota-onasidan uzr so‘ragan holda bo‘lgan fojiadan afsusdaligini bildirdi hamda advokatlari fikriga qo‘shilishini aytdi. 

Sudya M.Matchonov 30 oktabr kuni yakuniy hukm o‘qilishini bildirdi. 

Ko‘proq yangiliklar: