Ehtiyotsizlik bir insonning umriga zomin bo‘ldi

Jamiyat 12:35 / 27.10.2017 17135

Avtomashinaga o‘tirib, uning rulini qo‘liga ushlagan har bir inson, mas'uliyatni ham yelkasiga olayotganini aslo unutmasligi lozim. Boisi, avtoulov boshqaruvini qo‘lga olgan odamning bilib-bilmay yo‘l qo‘ygan birgina xatosi bilan o‘zga bir begunoh inson umrbod nogironlik aravasiga mixlanib qolishi yoxud hayotdan ko‘z yumishi hech gap emas.

Bunday voqealarga ko‘pchiligimiz bevosita yoki bilvosita guvoh bo‘lganmiz. Shu bois, bugun haydovchilik guvohnomasi olish uchun o‘qitish tizimi qayta isloh qilinmoqda. Yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari yanada takomillashtirilib, ularni qo‘pol ravishda buzganlar uchun belgilangan jazolar kuchaytirildi.

Albatta, ushbu jarayonlar zamirida yo‘l harakati hodisalarining oldini olish, yo‘lovchilar xavfsizligini ta'minlash maqsadi yotadi. Biroq ayrim haydovchilar bunga yetarli e'tibor qaratmaydilar. Ular manzilga shoshilayotganini ro‘kach qilib, “bir safar qoidani buzsam, hech narsa qilmas” qabilida ish ko‘rar ekanlar, ko‘za kunida sinishini gohida unutib qo‘yadilar. Oqibatda esa yo‘l qo‘yilgan birgina xato badalini o‘zga bir begunoh inson o‘z hayoti bilan to‘lashiga to‘g‘ri keladi.

"Huquq" gazetasining yozishicha, namanganlik K.Tillayev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) o‘tgan yilning 11 dekabrida boshqaruvidagi “Spark” avtomashinasida ketayotib, harakat xavfsizligini ta'minlay olmadi va piyodalar o‘tish joyida harakatlanayotgan D.Nosirovni urib yubordi. Oqibatda D.Nosirov olgan tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizildi. Jarohat og‘irligi sababli, u 2016 yil 17 dekabr kuni shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi.

Ko‘rinib turibdiki, bu mudhish hodisada piyodaning aybi yo‘q bo‘lib, u o‘zi uchun ajratilgan maxsus piyodalar o‘tish joyida harakatlanayotgan edi. Holbuki, O‘zbekiston Respublikasi “Yo‘l harakati qoidalari”ning 11-bandi, “g” kichik bandiga ko‘ra, “Transport vositasining haydovchisi harakatlanish jarayonida piyodalar, ayniqsa, bolalar, qariyalar, nogironlar va velosipedchilarga nisbatan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishi” va mazkur qoidalar majmuining 77-bandiga binoan esa, “Haydovchi harakatning serqatnovligini, transport vositasi va yukning xususiyati hamda holatini, yo‘l va ob-havo sharotini, shuningdek, harakatlanish yo‘nalishidagi ko‘rinishni hisobga olgan holda transport vositasi belgilangan tezligini oshirmasdan boshqarishi kerak.

Tezlik haydovchiga ushbu qoidalar talablarini bajarish uchun transport vositasining harakatini doimiy nazorat qilib turish imkoniyatini berishi kerak. Harakatlanish vaqtida haydovchi aniqlay olishi imkoniyatida xavf yuzaga kelsa, transport vositasining tezligini u to‘la to‘xtatishini ta'minlaydigan darajada kamaytirish yoki to‘siqni boshqa harakat qatnashchilari uchun xavf tug‘dirmagan holda aylanib o‘tish choralarini ko‘rishi kerak”.

Haydovchi K.Tillayevning bu qoidalardan albatta xabari bo‘lgan. Negaki, haydovchilik guvohnomasini olish uchun o‘qish mobaynida har bir o‘rganuvchi mazkur qoidalar bilan to‘la tanishtiriladi. Bundan tashqari, piyodalar uchun ajratilgan yo‘lakchalarda haydovchilar hushyorlik va mas'uliyatni ikki barobarga oshirishlari shart. Toki yo‘lovchilar o‘tib bo‘lmaguncha mashinani qo‘zg‘atishlari mumkin emas.

“Yo‘l harakati qoidalari”ning 111-bandida ko‘rsatilgan talablar esa ortiqcha izohga hojat qoldirmaydi: “Tartibga solingan piyodalar o‘tish joylarida haydovchilar svetoforning ruxsat etuvchi ishorasi yongandan keyin ham piyoda(lar)ga qatnov qismini shu yo‘nalishda kesib o‘tishni tugallashiga imkon berishlari kerak”.

Sud-tibbiy ekspertizasida qayd etilgan jabrdiydaning olgan va uning o‘limiga sababchi bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari haydovchi boshqarib kelayotgan mashinaning o‘sha vaqtdagi tezligini tasavvur etish imkonini beradi. Albatta, haydovchi jabrdiydaga yordam ko‘rsatib, uni zudlik bilan shifoxonaga olib borgan, tibbiy yordam ko‘rsatilishini ta'minlagan, bir haftaga yaqin tinimsiz bemor holidan xabardor bo‘lib turgan.

Ammo qonun bor. Ayblanuvchi K.Tillayev sud tomonidan 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, unga tegishli jazo tayinlandi. Lekin eng katta jazoni endi u bir umr o‘tashga mahkum . Bu vijdon azobidir.

Ushbu tafsilotni o‘quvchilarga, ayniqsa, avtomobil haydovchilari e'tiboriga havola qilishdan maqsad, mashina haydashda o‘ta hushyor bo‘lish, mavjud yo‘l harakati qoidalariga qat'iy rioya qilish zarurligini yana bir bor eslatmoqchimiz. Aks holda, bir begunohning umriga zomin bo‘lib qolish hech gap emas. 

Ko‘proq yangiliklar: