Qatar: «Tolibon»ning Dohadagi ofisi AQSh tashabbusi bilan ochilgan

Jahon 09:10 / 26.10.2017 21664

Qatarda “Tolibon” radikal harakati ofisining paydo bo‘lishi tashabbusi AQShdan chiqqan, deya ma'lum qildi mamlakat sobiq bosh vaziri va sobiq tashqi ishlar vaziri Hamad bin Jasim bin Jobir al Taniy Qatar milliy televideniyesi efirida.

"Amerikaliklar Qatarda “Tolibon” bilan muzokaralar uchun joy bo‘lishini istashgan. Muzokaralar ichiga harbiy asirlarni o‘zaro almashish ham kirgan", - degan al Taniy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Dohaga “Tolibon”ning nafaqat vakolatxonasi, balki elchixonasini Qatarda ochish bo‘yicha bosim o‘tkazishgan, biroq mamlakat hukumati BAA va Saudiya Arabistonidan farqli o‘laroq bunga rozi bo‘lmagan. Qayd etilishicha, bu “Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelganida yuz bergan. 

Ma'lumot uchun, “Tolibon” harakatining Dohadagi vakolatxonasi AQSh, Afg‘oniston va Qatar hukumatlari qo‘llab-quvvatlovi bilan 2013 yilda ochilgan. Taxminlarga ko‘ra, u muzokaralar jarayonini faollashtirishi hamda Afg‘onistondagi vaziyatga yechim topishda yordam berishi kerak bo‘lgan.

Al Taniy esa Qatar hukumatini 2007-2013 yillarda boshqargan. Bunga qadar u 20 yildan ortiq vaqt davomida Qatar tashqi ishlar vaziri bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: