​Sloveniyada prezident saylovlarining birinchi turi bo‘lib o‘tmoqda

Jahon 11:47 / 22.10.2017 3257

Sloveniyada, mamlakat 1991 yilda Yugoslaviya tarkibidan chiqqanidan so‘ng, hisob bo‘yicha beshinchi prezident saylanmoqda. Saylovlarning birinchi davrasida 9 nafar nomzod ishtirok etmoqda, ularning besh nafari ayollardir, poygadagi yetakchi esa amaldagi prezident, deb yozadi RIA Novosti.

Davlat saylov komissiyasi (DSK) ning ma'lumotlariga ko‘ra, sloveniyaliklarning 1,7 millioni saylash huquqiga ega.

Davlat rahbari lavozimiga «Yangi Sloveniya - xristian demokratlar» partiyasidan Lyudmila Novak, o‘z nomi bilan ataluvchi harakatdan Maryan Sharets, «Zamonaviy markaz partiyasi»dan Mayya Makovets-Brenchich, «Bolalar va oila uchun ovoz» harakatidan Angela Likovich, «Abadiy Sloveniya» partiyasidan Boris Popovich, «Sloveniya demokratik partiyasi»dan Romana Tomts, Sloveniya xalq partiyasidan Suzana Lara Krause, «Birlashgan Sloveniya harakati»dan Andrey Shishko, shuningdek davlatning amaldagi rahbari, «Deyan Jidan fuqarolar guruhi» tomonidan ilgari surilgan Borut Paxor nomzodlari ko‘rsatilgan.

Navbatdagi saylovlarga o‘z nomzodini ilgari surishi haqida Paxor sentabr oyining oxirlarida e'lon qilgan edi. U saylovlarga 2012 yilda ham g‘alaba qozonishga xizmat qilgan «Birgalikda» shiori ostida kirishgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, umumxalq hamkorlik «milliy taraqqiyotning eng muhim dastagi» bo‘lishi kerak, shuningdek, u respublika prezidentining eng muhim roli insonlarni kuchli jamoaga birlashtirish ekanligini qayd etgan.

Paxor davlat rahbari oddiy odamlar bilan yaqinroq gaplashishi kerakligini talab etib turib oldi: o‘z mandati mobaynida u butun mamlakat bo‘ylab 840 ta tadbirda ishtirok etdi, uning devonxonasiga esa 11 mingdan ziyod fuqaro qabul qilindi. Avgust oyida o‘z saylov kampaniyasi arafasida butun mamlakat bo‘ylab piyoda yo‘lga chiqqan va fuqarolar bilan uchrashish uchun 300 km yo‘l bosgan edi. Hamyurtlari Paxorni internetdagi faolligi uchun «Instagram qiroli» deb atashadi.

Sotsiologik so‘rovlar natijasiga ko‘ra Paxor saylov favoriti hisoblanadi va o‘zining eng yaqin ta'qibchilari — aktyor va Kamnik shahri meri Maryan Sharets va «Yangi Sloveniya - xristian demokratlar» konservativ partiyasi yetakchisi Lyudmila Novakdan jiddiy o‘zib ketgan.

Lyublyanadagi IFIMES — Yaqin Sharq va Bolqonni o‘rganish xalqaro institutining qayd etishicha, Paxorning boshqaruvi qo‘shni Xorvatiya bilan yuz bergan ziddiyatlar bilan yodda qolgan. Zagreb 2015 yilda Haagadagi xalqaro arbitrajdan chiqib, Sloveniya Adriatika dengizining Piran qo‘ltig‘ining to‘rtdan uch qismiga egalik qilib, Xorvatiya hududiy suvlari ochiq dengizga chiqishi haqidagi qarorni tan olmadi. Ekspertlar shuningdek, so‘nggi yillarda Sloveniya siyosatida prezidentning roli pasayganini qayd etib, mintaqada bu davlatning «yetakchilik maqomi» yo‘qotilganini ta'kidlashmoqda. Tashabbusning bu tarzda boy berilishidan Bolqon mintaqasidagi qo‘shnilar darhol foydalanib qolishgan.

IFIMES ma'lumotlariga ko‘ra, saylov kampaniyasi fuqarolarning katta qiziqishini uyg‘otmagan. Bunga sabab — Sloveniyada prezident 5 yil muddatga, asosan marosim funksiyalari uchungina saylanadi, real hokimiyat esa bosh vazirga tegishli va ayni paytda bu lavozimni Miro Tserar egallab turibdi.

Institut ekspertlari elektoratning davomati kamligiga yana bir sabab sifatida Sloveniya 2004 yildan beri YeI va NATO a'zosi ekanligi hamda Bryussel chizgan chiziqdan chiqmasligi ko‘rsatmoqda.

Agar nomzodlardan hech biri 50 foizdan ko‘proq ovoz jamg‘ara olmasa, saylovning 12 noyabrga mo‘ljallangan ikkinchi turi bo‘lib o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: