Tojikistonda tadbirkor boshqa bir tadbirkorni 20 ming dollar tufayli o‘ldirdi

Jahon 12:22 / 21.10.2017 7799

Tojikistonning So‘g‘d viloyatidagi Istiravshonda istiqomat qiluvchi ikki kishi o‘z hamqishlog‘ini shafqatsizlik bilan o‘ldirganliklari uchun sudlandi: ulardan biri marhumga 20 ming dollar qarz bo‘lib qolgan hamda uni o‘ldirish uchun yana bir kishini yollagan.

So‘g‘d viloyati sudining sudyasi Feruza Ahmadzodaning «AP»ga xabar berishicha, ushbu tadbirkorlar ustidan sud jarayoni 16 oktabr kuni yakunlangan.

47 yoshli A'zam Xo‘jajonov va 41 yoshli Yunusjon Mirzoyev TR JKning 104- (Qotillik), 32-moddalari (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va unga suiqasd qilish) bo‘yicha aybdor deb topilgan.

Sud jinoyatni tashkillashtirgan A'zam Xo‘jajonovni 22 yil, Yunusjon Mirzoyevni esa 20 yillik koloniya jazosiga hukm qildi.

«A'zam Xo‘jajonov mahalliy tadbirkor – 41 yoshli Baxtiyor Asrorovdan 20 ming AQSh dollariga qarzdor bo‘lib qolgan, biroq Asrorov o‘z pullarini qaytarishni so‘raganida, Xo‘jajonov uni o‘ldirishga qaror qiladi. U boshqa bir tadbirkor – Yu.Mirzoyevni Asrorovni o‘ldirish uchun yollaydi. 2017 yilning 17 iyul kuni soat taxminan 20:30larda Mirzoyev o‘z mashinasida o‘tirgan Asrorovni bo‘g‘ib o‘ldiradi. Sudlanganlar uning jasadini yerto‘laga yashirishadi, ertasi kuni ertalab esa uni Zarafshon daryosiga tashlab yuborishadi. 20 iyul kuni ertalab Asrorovning jasadi Panjikent shahri hududida militsiya tomonidan topilgan», - deya aytib o‘tgan sudya.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sud qarori hozircha qonuniy kuchga kirmadi va unga shikoyat berilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: