Endi tibbiyot xodimi ishiga xalq baho beradi

Jamiyat 19:46 / 21.10.2017 13269

Ma'lumki, shu yilning 18 oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, aholi salomatligini mustahkamlash, sifatli dori-darmon bilan ta'minlash borasidagi islohotlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. 

Uchrashuvda davlat rahbari onalik va bolalikni muhofaza qilish, shoshilinch tibbiy yordamni takomillashtirish, birlamchi tibbiyot tizimini yanada yaxshilash, aholini sifatli va arzon dori-darmon vositalari bilan ta'minlash, xususiy sektor va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni aholigi yaqinlashtirish borasida hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarni ko‘ndalang qo‘yib, aniq  topshiriqlar berdi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, shu munosabat bilan, vazirlikning navbatdan tashqari Hay'at yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri, Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash Bosh boshqarmasi va viloyatlar Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshliqlari, Respublika miqyosidagi davolash-profilaktika muassasasi rahbarlari, ilmiy tekshirish institutlari hamda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markaz direktorlari ishtirok etdi. Yig‘ilish sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonov raisligida o‘tkazildi.

Davlat rahbari tomonidan ko‘tarilgan masalalar, o‘rtaga tashlangan muammolar va ularni hal yetish chora-tadbirlari, bunda vazirlik tizimidagi har bir rahbar-xodimning javobgarligi, mas'uliyati haqida sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonov ma'ruza qildi.

Ta'kidlanganidek, prezidentning tibbiyot xodimlari bilan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishlari tizimning bugungi holatini tahlil qilib, mavjud masalalarni hal etishda, xalq salomatligini yanada mustahkamlash yo‘lida olib borilayotgan sa'y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim burilish yasab bermoqda. Bugun tibbiyot xodimlari ushbu yig‘ilishlarda belgilangan vazifalarni bekamu ko‘st ado etib, xalqning roziligini olish yo‘lida xizmat qilmog‘i kerak. 

— Barchamiz guvohi bo‘lib turibmiz, shu o‘tgan qisqa vaqt ichida Prezidentimiz tibbiyot xodimlari bilan 4 marotaba uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu yig‘ilishlarning har birida barchamizni o‘ylantirayotgan, xalqimizning haqli e'tirozlariga sabab bo‘layotgan dolzarb masalalar ko‘tarildi, — dedi sog‘liqni saqlash vaziri A.Shadmanov. — Xususan, kuni kecha bo‘lib o‘tgan yig‘ilish olib borilgan islohotlar va ularning tahliliga bag‘ishlandi. To‘g‘ri, harakatlarimiz natijasiz ketmadi. Xalqimizning salomatlik ko‘rsatkichlarida ishimiz samarasi ko‘rinmoqda. Ammo endi xonada o‘tirib, hisobot va raqamlarga tayanib ish ko‘rishimiz mumkin emas. Bunday ishlash mezoni xalqni qoniqtirmaydi. Faoliyatimizning bahosini xalqimiz berishi kerak. Mana shu tizim bizning haqiqiy yuzimiz — ishimizning ko‘zgusi bo‘ladi. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Hay'at yig‘ilishi davomida murojaatlar bilan ishlash, ijro intizomi, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalik muhofazasi, tibbiyotning xususiy sektorini rivojlantirish kabi dolzarb masalalar tanqidiy tahlil qilindi. 

Yig‘ilish yakunida joylarda aholi salomatligini yanada yaxshilash, har bir oilaga kirib borish va muloqot o‘rnatishga qaratilgan ishlarni tizimli tashkil qilish borasida muhim vazifalar belgilandi. Davlat rahbarining topshiriqlarini o‘z vaqtida bajarish, tibbiyot xodimi faoliyati samarasi xalq fikri orqali baholanadigan tizim shakllantirish, bunda tibbiyotning barcha bo‘g‘ini, ayniqsa birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatiga alohida e'tibor qaratish ta'kidlandi.

Mamlakatda qabul qilinayotgan me'yoriy hujjatlarda belgilangan vazifalar o‘z vaqtida, sifatli bajarilishida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi har bir xodim mas'uliyatni chuqur his etib, ishlashi lozimligi, asosiy mezon — xalq roziligi ekani qayd etildi.  

Ko‘proq yangiliklar: