Senat vakili: Fermerlar faqatgina paxta yetishtirish bilan cheklanib qolmoqda

O‘zbekiston 10:50 / 20.10.2017 15984

O‘zbekistonlik fermerlar faqatgina qishloq xo‘jaligi mahulotlari, jumladan, paxta yetishtirish bilan chegaralanib qolmoqda. Bu haqda Senatning agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Bahodir Tojiyev Xalqaro-Press klubning 19 oktabrdagi anjumanida ta'kidladi. 

«O‘zbekistonlik fermerlar faqatgina qishloq xo‘jaligi mahulotlari, jumladan, paxta yetishtirish bilan chegaralanib qolmoqda. Qolgan qishloq xo‘jaliklari sektorlari esa e'tibordan chetda qolmoqda. Shuni unutmaslik kerakki, davlat fermerlarni barcha yo‘nalishlar – asalarichilik, baliqchilik, chorvachilikda ham birdek qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, ko‘p tarmoq fermer xo‘jaliklarini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘shgan mehnatkashlar davlat tomonidan munosib rag‘batlantiriladi», deya qayd etdi Bahodir Tojiyev.

Spikerning ta'kidlashicha, endilikda dehqonchilik madaniyatini oshirishda munosib hissa qo‘shgan va ishlab chiqarishda yuksak natijalarga erishgan fermer, dehqon xo‘jaliklari rahbarlari va tomorqa yer egalariga taqdim etiladigan «Ilg‘or fermer», «Mehnatkash dehqon» va «Namunali tomorqachi» ko‘krak nishonlari ta'sis etiladi.  

2018-2021 yillar mobaynida fermer xo‘jaliklari bosqichma-bosqich ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantiriladi. 2022 yilning 1 yanvaridan boshlab ko‘p tarmoqli faoliyatni yo‘lga qo‘ymagan fermer xo‘jaliklari bilan yer ijarasi shartnomalari qonun hujjatlariga muvofiq bekor qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: