Qarovsiz tomorqa yerlari davlat hisobiga o‘tkaziladi, obodonlashtirilmagan tomorqalarga soliq oshiriladi

O‘zbekiston 11:30 / 20.10.2017 32020

2022 yil 1 yanvardan boshlab fermerlar, dehqon xo‘jaligi, tomorqa yer egalari tomonidan samarasiz foydalanib kelinayotgan yerlar yoki umuman qarovsiz qolgan hududlar davlat hisobiga o‘tkaziladi. Bu haqda Xalqaro Press-klubning qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarga bag‘ishlangan navbatdagi sessiyasida Senatning agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Bahodir Tojiyev ma'lum qildi.

«Yer masalalarini tubdan hal etish kerak, shuningdek, yer resurslari tizimini ham yaxshilash lozim. Qarovsiz yerlardan samarali foydalanilsa, mamlakatimiz iqtisodiyotiga ham o‘z ijobiy ta'sirini ko‘rsatadi. 2022 yil 1 yanvardan boshlab fermerlar, dehqon xo‘jaligi, tomorqa yer egalari tomonidan samarasiz foydalanib kelinayotgan yerlar yoki umuman qarovsiz qolgan hududlar davlat hisobiga o‘tkaziladi. Bu esa har bir qarich yerdan unumdorlikni hosil qilish uchun ko‘zlangan eng oqilona yo‘ldir. Bundan tashqari, hozirda tomorqa yer egalari o‘z hududlarida tomorqa yetishtirmagan, obodonlashtirmagan bo‘lsa, ularga nisbatan yer solig‘ini uch barobarga oshirish masalasi ham ko‘tarilmoqda», deya qayd etdi Bahodir Tojiyev. 

Foto: Xalqaro press klub

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 9 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5199-son Farmoni e'lon qilindi.

2017 yil 10 oktabrda esa farmon ijrosini ta'minlash maqsadida «Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 3318 sonli Qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, yer maydonlaridan samarasiz foydalangan, qishloq xo‘jaligi ekinlarini to‘liq ekmagan, agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirmagan fermer, dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalariga nisbatan yer uchastkasiga nisbatan bo‘lgan huquqlarini bekor qilish choralari ko‘riladi.

Ko‘proq yangiliklar: