O‘zbekistonlik razvedkachilar Buyuk Britaniyadagi xalqaro tanlovda ishtirok etishdi

O‘zbekiston 18:40 / 19.10.2017 17023

Joriy yilning 10-17 oktabr kunlari Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida qo‘shin razvedkachilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Kembriya patruli” xalqaro tanlovida O‘zbekiston vakillari ham munosib ishtirok etishdi. 

Mazkur musobaqada 29 mamlakatdan 139ta jamoa qatnashdi. Unda mamlakatimiz qo‘shin razvedkachilari bilan birga Armaniston, Birlashgan Arab Amirliklari, Moldova va Filippin harbiy xizmatchilari ham ilk bor qatnashdi.

Qariyb 40 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan “Kembriya patruli” tanlovi eng qiyin va nufuzli musobaqalar sirasiga kiradi. Tanlovda harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarligiga alohida e'tibor qaratilishi tufayli uni maxsus bo‘linmalarga qabul qilish jarayoni bilan qiyoslashadi.

Kembriya tog‘lari juda og‘ir iqlim sharoiti bilan ajralib turadi. Kunduzi quyosh deyarli ko‘rinmaydi, har zamon yomg‘ir shiddat bilan yog‘adi, hududi botqoqlik va o‘rmondan iborat, o‘tishga qiyinchilik tug‘diradi. Shu bois tanlovda ishtirok etayotgan ko‘plab jamoalar finalga yetib bora olmay, musobaqani tugashidan oldin tark etishadi.

Unda ishtirokchilar qurol-aslahalarni taqib, navigatsiya vositalarisiz  Kembriya tog‘lari bo‘ylab yetakchilik qobiliyati, amaliy ko‘nikmasi hamda ruhiy va jismoniy quvvatini sinovdan o‘tkazib, 25 kg yuk bilan 65 km masofaga piyoda marsh yurish, 1000 metrdan yuqori balandliklar va 750 metr pastliklardan o‘tishni amalga oshirishdi. 

Marsh yurish davomida har bir jamoa tog‘li va suv to‘siqlaridan o‘tish, hudud razvedkasini olib borish, shartli dushman joylashgan hududni aniqlash va ularni yo‘q qilish bo‘yicha o‘quv-jangovar operatsiyalarni amalga oshirish, shartli yaradorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, noqonuniy kuchlar tomonidan garovga olinganlarni ozod etish, murakkab tog‘li hududlarda pistirmalarni tashkil etish kabi vazifalarni bajardi.

Tanlov yakuniga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shin razvedkachilaridan iborat jamoa, birinchi bor mazkur musobaqada ishtirok etishiga qaramay, Italiya jamoasi bilan birga faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi (tanlov shartiga ko‘ra har bir sovrinli o‘rin ikkita jamoaga beriladi). 

Shohsupaning eng yuqori pog‘onasi va uchinchi o‘rin 111ta jamoa bilan ishtirok etgan Buyuk Britaniya harbiylariga nasib etdi.

Tanlovning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan esdalik medallari va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Mudofa vazirligi qo‘shin razvedkachilarining bu muvaffaqiyati birinchisi emas. Undan oldin ular joriy yilning 29 iyul – 12 avgust kunlari Novosibirsk shahrida (Rossiya) bo‘lib o‘tgan III Xalqaro armiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan “Qo‘shin razvedkasi a'lochilari” tanlovida (Rossiya Federatsiyasi va Xitoy Xalq Respublikasidan keyin) uchinchi o‘ringa sazovor bo‘lishgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: