Shveytsariya Shimoliy Koreyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirdi

Jahon 08:10 / 19.10.2017 6929

Shveytsariya BMT Xavfsizlik kengashining rezolyutsiyalariga muvofiq, Shimoliy Koreyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirdi. Bu haqda Shveytsariya federal kengashi saytida ma'lum qilindi.  

Shu tariqa Shveytsariya BMT Xavfsizlik kengashi kiritgan sanksiyalarga rasman qo‘shildi. Sanktsiyalar Shimoliy Koreya 5 avgust va 11 sentabrda raketalar uchirgani va yadro sinovini o‘tkazganiga javoban kiritilgandi.   

Sanktsiyalarga ko‘ra, Shimoliy Koreya fuqarolariga ishlashga taqiq kiritildi. 2017 yil 11 sentabrgacha berilgan ruxsatlar bundan istisnodir. Shuningdek, Shimoliy Koreya hukumati yoki uning fuqarolari bilan qo‘shma korxonalar tashkil etish taqiqlanadi. Bunday turdagi korxonalar 2018 yil 9 yanvarigacha tugatilishi kerak.

Shimoliy Koreya bilan moliyaviy tranzaksiyalarga faqatgina diplomatik missiyalar faoliyatini ta'minlash va gumanitar maqsadlarda yo‘l qo‘yiladi. Bundan tashqari, Shimoliy Koreyadan qo‘rg‘oshin, to‘qimachilik, baliqchilik va dengiz mahsulotlari xarid qilish, uning hududi orqali bu tovarlarni olib o‘tish yoki ularni import qilish taqiqlanadi. Neft importiga yiliga 2 mln barrel miqdorida cheklov kiritilmoqda. 

Shimoliy Koreya unga dunyo hamjamiyati tomondan ko‘rsatilayotgan bosimga qaramay, o‘z raketa va yadro dasturlarini rivojlantirishni davom ettirmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: