Sanktsiyalar tufayli Kim Chen Inning har bir o‘quvchiga to‘p sovg‘a qilish rejasi amalga oshmay qoldi

Jahon 22:10 / 19.10.2017 16365

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In o‘z vaqtida mamlakatdagi har bir o‘quvchiga futbol to‘pi sovg‘a qilish topshirig‘ini bergandi. Biroq uning bu istagi xalqaro sanksiyalar sababli amalga oshmay qoldi. Bu haqda Yaponiyaning Asahi nashri xabar bermoqda.  

Ma'lum qilinishicha, rejaga ko‘ra Shimoliy Koreyada 12 yillik majburiy ta'lim tizimida tahsil oluvchi millionga yaqin o‘quvchiga to‘p berish ko‘zda tutilgan, biroq keyinroq dastur to‘xtatib qo‘yilgan. Shimoliy Koreya yetakchisi shu yo‘l bilan mamlakatda sport va o‘zining nufuzini oshirmoqchi bo‘lgandi.

Ta'kidlanishicha, Shimoliy Koreyada futbol to‘plari va butsalar ishlab chiqaruvchi korxonalar yo‘q. Kim Chen In esa futbolning ashaddiy muxlisi hisoblanadi.

O‘z vaqtida Janubiy Koreya va Shimoliy Koreya o‘rtasida Pxenyanda futbol anjomlari ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borilgan, biroq Seul 2010 yilda Shimolga qarshi sanksiyalar kiritgandan keyin bu rejadan voz kechishga to‘g‘ri kelgan.

Nashrning ta'kidlashicha, Kim Chen In hokimiyat tepasiga kelgandan beri, sportga katta urg‘u berib keladi, butun mamlakat bo‘ylab ko‘plab sport maydonlari qurilgan. Shuningdek, jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha davlat komissiyasi ta'sis etilgan. 

Shimoliy Koreyada ayniqsa futbol juda ommalashgan. Ushbu mamlakatning ayollar terma jamoasi 2016 yilgi jahon chempionati g‘olibi bo‘ldi, erkaklar terma jamoasi esa JARda o‘tgan 2010 yilgi jahon chempionati final bosqichiga chiqa olgandi. 

Ko‘proq yangiliklar: