30-31 oktabr kunlari Ostona shahrida Ostona jarayoni doirasida Suriya bo‘yicha tinch muzokaralarning navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tadi, uning davomida asirlar, mahbuslarni ozod qilish, halok bo‘lganlar jasadlarini berish va bedarak yo‘qolganlarni qidirish bo‘yicha ishchi guruhi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Qozog‘iston TIV xabarida aytilishicha, kafil-davlatlar - Rossiya, Turkiya va Eron – xalqaro terrorizm bilan kurash masalalarini ko‘rib chiqish hamda Suriyada gumanitar minasizlantirish bo‘yicha qo‘shma bayonotni qabul qilish niyatida. Balki «tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar» bo‘yicha ham muhokamalar o‘tkaziladi, deya ta'kidlanadi matbuot xizmati xabarida.
Suriya bo‘yicha muzokaralarning oldingi, hisob bo‘yicha oltinchi raundi Ostonada 14-15 sentabr kunlari bo‘lib o‘tgandi. Unda ishtirokchilar Idlib viloyatida xavfsizlik zonalarini yaratish haqida e'lon qilishdi. Suriya muxolifati esa Eronni Suriyadagi keskinlikdan xoli hududlarda xavfsizlikni ta'minlovchi kafil sifatida qabul qilishdan bosh tortishini ma'lum qilgan.
4 may kuni kafil-davlatlar tomonidan qabul qilingan memorandumga ko‘ra, Rossiya tashabbusi bilan tashkil qilingan «keskinlikdan xoli hududlar» Sharqiy G‘uta, Homs viloyati shimolidagi qator tumanlar, Lataqiya, Hama va Halab viloyatlari qismlarida hamda Suriya janubidagi ba'zi tumanlarda joylashgan.
Rossiya, Turkiya va Eron Ostonadagi Suriya bo‘yicha muzokaralar homiylaridir, u Jyenevada BMT vositachiligidagi muzokaralardan alohida o‘tkazilmoqda. Rossiya va Eron Suriyadagi olti yillik va 330 ming inson hayotiga zomin bo‘lgan fuqarolik urushida Suriya prezidenti Bashar Asad rejimini qo‘llab-quvvatlamoqda. Turkiya hamda Qo‘shma Shtatlar esa turli isyonchi guruhlarga yaqin pozitsiyada.