Odinaxon Muhammad Yusuf: Hozirda nafaqat farzandlarimiz, balki butun jamiyat ona mehriga muhtoj

Jamiyat 10:00 / 19.10.2017 26465

15 oktabr kuni «Hilol-nashr» nashriyotining majlislar zalida «Muslimaat.uz» saytining 10 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbir davomida saytning asosiy tashkilotchisi va rahbari, olima Odinaxon Muhammad Yusuf o‘zbek ayol-qizlarining jamiyat taraqqiyotidagi roli haqida alohida to‘xtalib o‘tdi:

«Hozirda nafaqat farzandlarimiz, balki butun jamiyat ona mehriga muhtoj. Ona parvarishiga muhtoj. Keling, hammamiz bir bo‘lib, inoq-ittifoq bo‘lgan holda vatanimizga mehr muruvvat ko‘rsataylik. Uning uchun ixlos ila sa'y-harakat qilaylik. Xalqimiz uchun fidoyi bo‘laylik, uning ravnaqi uchun o‘z hissamizni qo‘shaylik. Ulamolar beshigi bo‘lmish bu yurtimizga buyuk ajdodlarimiz kabi avlodlarni yetishtirib, taqdim qilaylik. Yurtboshimiz, peshvolarimiz, ulamolarimiz siz bilan bizdan yana Buxoriy, Termiziy, Samarqandiy kabi buyuk allomalar yetishtirishimizni kutishmoqda».

Tadbir davomida Odinaxon Muhammad Yusuf padari buzurgvori Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari xotirasini ham yodga oldi. Shuningdek, «Muslimaat.uz» sayti ham aynan Shayx hazratlari ko‘magi ostida yaratilgani qayd etildi.

«Liviyada bilim yurtiga endigina qadam qo‘ygan kezlarim hazrat bilan bilim yurti bog‘ida sayr qilib yurardik. Shunda u kishi mendan o‘qish haqidagi fikrimni so‘rab qoldilar. Shunda men: «Kelajakda o‘z yurtimizda ayollar uchun madrasa ochaman», deb javob berdim. Men  u paytda juda yosh edim. Alloh taoloning irodasi bilan qalbga tushgan niyat deya atalmish urug‘ni hazratimiz yillar davomida suv quyib, parvarishladilar. Inoyat ila undirib, o‘stirdilar. Mana, bugungi ««Muslimaat.uz» saytini o‘shanda biz orzu qilgan ayollar madrasasi desak, adashmagan bo‘lamiz», deya ta'kidladi Odinaxon Muhammad Yusuf tadbirdagi o‘z nutqida.

Ko‘proq yangiliklar: