MDH: ko‘p qirrali hamkorlikning muhim mexanizmi

Jahon 21:40 / 19.10.2017 10404

Shu yilning 10–11 oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan MDH sammitida Hamdo‘stlik doirasida hamkorlik imkoniyatlari keng ekanligi va bu jarayon izchil davom ettirilishi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sammitdagi nutqi MDHga «tamomila yangi kelajakka taklif» sifatida yangradi. Binobarin, Hamdo‘stlik doirasida hamkorlik aloqalari jadal sur'atlarda yangi bosqichga chiqishi lozim.

Mamlakatimiz rahbari dasturiy nutqida, mohiyatiga ko‘ra, MDH mexanizmini barcha sheriklar manfaatlarini inobatga olgan holda, zamonaviy voqeliklarga moslashtirish bo‘yicha aniq qarashlarini bayon qildi. O‘zbekiston MDH tashkil etilganidan beri siyosiy mustaqillikni saqlab qolgan holda, iqtisodiy integratsiya tamoyiliga qat'iy tayanib, davlatlararo munosabatlarni yangi asoslarda rivojlantirish tarafdori bo‘lib kelgan.

Davlatimiz rahbarining Hamdo‘stlik faoliyati istiqbollari haqidagi qarashlarining mohiyati shundaki, MDH ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishning eng maqbul shakli bo‘lib, mazkur tuzilma ishtirokchi-davlatlarning manfaatlariga xizmat qiladi. Buni birlashmaning 26 yillik tajribasi ham ko‘rsatdi. Samarali institutsional va huquqiy mexanizmlar asosida shakllangan hamkorlik aloqalari, shuningdek, Hamdo‘stlik ishtirokchi-davlatlarining umumiy maqsad, manfaat hamda faoliyat sohalari borligi ham MDH istiqbollari porloq ekanligini ifodalaydi.

Bugun O‘zbekiston, Prezidentimiz o‘z nutqida ta'kidlaganidek, sohaviy hamkorlikda, savdo-iqtisodiy tizimlardagi loyihalarni amalga oshirishda, terrorizmga qarshi kurashishda va turli darajadagi maslahatlashuvlarda faol qatnashmoqda.

O‘zbekistonning Hamdo‘stlik davlatlari bilan ko‘p tomonlama hamda ikki tomonlama munosabatlari negizida nafaqat MDH mamlakatlarining hududiy yaqinligi hamda o‘zaro iqtisodiy aloqalari, balki chuqur tarixiy ildizga ega bo‘lgan madaniy va ma'naviy rishtalar yotadi. MDH davlatlari respublikamizning eng muhim iqtisodiy sheriklaridan hisoblanadi. Mamlakatimiz tashqi savdosi hajmida Hamdo‘stlikka a'zo davlatlar ulushi 37 foizdan ortiqni tashkil etadi. Yil boshidan buyon O‘zbekiston hamda MDH davlatlari o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 20 foizdan ziyod oshdi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonning MDH Iqtisodiy kengashidagi ishtirokini qayta tiklash to‘g‘risidagi qarori hamda tashkilotlarning qator sohaviy organlari faoliyatiga qo‘shilishga tayyorligi Hamdo‘stlik faoliyati samaradorligini sezilarli darajada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Ta'kidlash kerakki, O‘zbekistoning xo‘jalik aloqalarini, shu jumladan, hududlar darajasida saqlab qolish va chuqurlashtirishga intilayotgani MDH ishtirokchi-davlatlari iqtisodiyotining tarixiy nuqtai nazardan uzviyligi bilangina emas, balki dunyo bozoridagi kuchli raqobat muhiti bilan ham bog‘liq. Chunki milliy tovar ishlab chiqaruvchilarni muhofaza etish kun tartibiga ko‘tarilmoqda. Dunyo amaliyoti shuni ko‘rsatayaptiki, geoiqtisodiy voqeliklarga birgalikda moslashish, umumjahon iqtisodiy muammolarini o‘zaro kelishgan holda hal qilish globallashuv natijasida paydo bo‘layotgan xavflarga amaliy javob bera oladi.

MDHda ulkan salohiyatga ega bozorning mavjudligi ham Hamdo‘stlik davlatlarining iqtisodiy sohadagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda muvofiqlashtirish zarurligini ko‘rsatadi. Bu nafaqat an'anaviy iqtisodiy ishlab chiqarish aloqalarini saqlab qolish, balki ularni samarali rivojlantirish imkonini yaratadi. Hamdo‘stlik makonida ikki tomonlama savdo bitimlariga asoslanadigan erkin savdo tizimi amal qiladi. Shu bilan birga, Prezidentimiz qayd etganidek, Hamdo‘stlik makonida hech qanday istisno va cheklovlarsiz tez fursatda to‘laqonli erkin savdo hududini shakllantirish lozim. Mamlakatimiz rahbari amalda kuchli huquqiy asoslarni yaratishga chaqirdi. Bu MDH huquqiy qoidalari doirasida iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish hamda milliy bozorlarda halol raqobatni ta'minlash imkonini beradi.

Ishtirokchi-davlatlarning sanoat kooperatsiyasini kengaytirish ushbu vazifani hayotga tatbiq etishga xizmat qilishi mumkin. Avvalambor, texnologik, ishlab chiqarish va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish zarur. MDH makonida kooperatsiya mexanizmi investitsiyaviy, texnik, tarkibiy hamda moliyaviy siyosatni o‘ta muhim yo‘nalishlarga jalb etishning zamini bo‘ladi. Bunday muvaffaqiyatli hamkorlik, o‘z navbatida, ishlab chiqarish hajmini oshirish, bozorlarni kengaytirish va ko‘plab ijtimoiy masalalarni amaliy yechishga xizmat qiladi.

Prezidentimizning MDH makonida samarali integratsiyalashgan transport tizimini rivojlantirish taklifi ham ushbu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganidek, bugungi zamonaviy voqeliklar ma'muriy tartibot hamda reglamentlarni takomillashtirish, yuk tashuvlari va tranzit uchun o‘zaro preferensiyalar taqdim etish tizimini takomillashtirishni talab qiladi. MDH ishtirokchi-mamlakatlari iqtisodiyotida transport tizimini taraqqiy toptirish muhim ahamiyatga ega ekanligini inobatga oladigan bo‘lsak, o‘zaro kelishilgan transport-logistika siyosatini olib borish, davlatlararo tranzit infratuzilmasini rivojlantirish tamoyillariga yagona yondashuvlarni ishlab chiqish maqsadga muvofiq. Bu nafaqat tovarlar harakatlanishi uchun sharoitlarni kengaytiradi, ayni paytda Hamdo‘stlik yagona iqtisodiy makonini shakllantirishga qo‘shimcha turtki bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari MDH mamlakatlarining innovatsiya hamkorligini jadallashtirish masalalariga, jumladan, yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlar, yuqori texnologiyalar sohasida loyihalar, shuningdek, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borishga alohida e'tibor qaratdi.

Har qanday davlat hamda jamiyatning asosini tashkil etadigan oila instituti va an'anaviy oilaviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlash Sammit doirasida muhokama qilingan dolzarb masalalardan biri bo‘ldi. Mamlakatimiz rahbari Sammit ishtirokchilariga murojaat etarkan, bugungi globallashuv sharoitida har qanday davlat hamda jamiyatning asosini tashkil qiladigan asl va fundamental qadriyatlarni unutmasligimiz lozimligini qayd etib o‘tdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari oila institutini mustahkamlash, yosh avlodni tarbiyalash, milliy an'analarni asrab-avaylash hamda aholini ijtimoiy himoya qilishda tobora muhim rol o‘ynamoqda. Aynan shuning uchun ham ushbu dolzarb sohada tajriba almashish maqsadida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan kelgusi yilda xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Prezidenti qayd etganidek, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi biz uchun ustuvor sohalarda amaliy hamkorlik qilishning g‘oyat muhim institutidir, Hamdo‘stlik ishtirokchi-mamlakatlari esa bizning doimiy sheriklarimiz, qo‘shnilarimiz va do‘stlarimizdir. Shuning uchun Sammitda muhim yo‘nalishlardan biri sifatida keng imkoniyatlari hamda ulkan salohiyati haligacha to‘liq ishga solinmagan turizm sohasi ko‘rib chiqildi. Bu MDHga a'zo davlatlarning turizm sohasidagi hamkorligini 2020 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini maqsadli amalga oshirish va aniq harakatlar rejasini ishlab chiqishni kun tartibiga qo‘yadi. Shu sababli davlatimiz rahbari Hamdo‘stlikning Turizm bo‘yicha kengashining navbatdagi majlislaridan birini Samarqandda o‘tkazishni taklif etdi.

Umuman, barcha ishtirokchi-davlatlarning tarixiy rishtalari hamda mushtarak maqsadlari Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlikning keng imkoniyatlariga mutlaqo yangicha nazar tashlashni taqozo qiladi. Shavkat Mirziyoyevning MDH sammitidagi nutqi aynan shu ezgu maqsadni ko‘zlagani bilan tarixiy ahamiyatga ega. O‘zbekiston hamkorlik uchun qat'iy kirishgan va ushbu birlashmani mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shish niyatida. Joriy yilning 3 noyabr kuni poytaxtimizda MDH Hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishi o‘tkazilishi hamda 2020 yilda Hamdo‘stlikka raislikning qabul qilinishi buning yaqqol tasdig‘idir.

 

Aleksey KUSTOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi.

Ko‘proq yangiliklar: