Irkutskda O‘zbekiston fuqarolarining o‘limidan so‘ng jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jahon 17:10 / 19.10.2017 23509

Rossiyaning Irkutsk shahrida seshanba kuni olib borilgan qazilma ishlari davomida tuproq o‘pirilishi tufayli ikki ishchi halok bo‘lgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda «Interfaks-Sibir» Rossiya Tergov qo‘mitasining mintaqa bo‘yicha Tergov boshqarmasi matbuot xizmatiga asosan xabar bermoqda.

«Jinoyat ishi Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 216-moddasi 3-qismi bo‘yicha qo‘zg‘atildi (ehtiyotsizlik oqibatida ikki yoki undan ortiq shaxsning o‘limiga olib kelgan qurilish yoki boshqa ishlarni olib borish chog‘ida xavfsizlik qoidalarining buzilishi)», - deya xabar berdi matbuot xizmati xodimi.

Uning aniqlik kiritishicha, fojia oqibatida ikki erkak kishi halok bo‘ldi va bir inson jarohatlandi.

Vaziyat bilan yaxshi tanish manbaning agentlikka xabar qilishicha, dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, o‘pirilishga qazilma ishlarini olib borish qoidalarining qo‘pol buzilishi sabab bo‘lgan.

«Ular ekskavator bilan xandaqni qazishgan, biroq tuproqni chiqarib tashlashmagan, bu esa o‘pirilishga sabab bo‘lgan», - degan manba.

Avvalroq Rossiyaning Irkutskida to‘rt metrdan oshiq chuqurlikda xandaqning qulashi oqibatida O‘zbekistonning uch nafar fuqarosi tuproq uyumi tagida qolgani, ulardan bir nafari qutqarilgani xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: