YeTTB O‘zbekistonda moliyalashtirish uchun birinchi loyihalarni tasdiqladi

O‘zbekiston 16:38 / 19.10.2017 10455

Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) direktorlar kengashi 18 oktabr kuni O‘zbekistonda moliyalashtirish uchun birinchi loyihalarni tasdiqladi. Bu haqda Uzdaily.uz xabar bermoqda.

Xususan, YeTTB O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga 100 mln. AQSh dollari miqdorida kredit liniyasini ochadi.

O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun 70 mln. dollar hamda savdo moliyalashtirilishini qo‘llab-quvvatlash uchun 30 mln. dollar yo‘naltiradi.

Ushbu kreditning maqsadi kichik va o‘rta biznes vakillarining o‘rta muddatli moliyalashtirish imkoniyatlarini, shu jumladan mamlakat mintaqalarida yaxshilashdan iborat. 

Sharbatlar, sharbat konsentratlari, sabzavot pastalari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Agromir Juice MChJ QK YeTTBning 10 mln. dollarlik kreditini oladi.

Loyiha doirasida O‘zbekiston kompaniyasi Samarqand viloyatida zamonaviy ombor kompleksini qurishni rejalashtirmoqda. U yagona boshqaruv tizimini joriy etish va kompaniyaning ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga yordam beradi.

Kutilishicha, YeTTBning birinchi vitse-prezidenti Filipp Bennetning O‘zbekistonga noyabr oyi boshidagi tashrifi doirasida O‘zbekiston va YeTTB ushbu loyihalar bo‘yicha kredit bitimlarini imzolaydi.

Ko‘proq yangiliklar: