Chempionlar ligasida 3 tur o‘yinlari. Kimda imkoniyat qanday?

Sport 17:20 / 19.10.2017 22174

«Tribuna» chorshanba oqshomida bo‘lib o‘tgan Chempionlar ligasi guruh bosqichining 3-tur uchrashuvlarini sarhisob qiladi.

Reshford - Shevchenkomi yoki Ronaldino

A guruhi
«Benfika» - «Manchester Yunayted» 0:1
Gol:
 Refshford, 64

Portugaliya «burgutlari» uchinchi o‘yinda ham muxlislarini ranjitdi. Lissabonda «MYu»ga qarshi o‘ynagan jamoa yaxshi himoyalandi, ammo Markus Reshford turnirda maydonga tushgan eng yosh darvozabonni yig‘latdi. Uning jarima zarbasini ushlagan darvozabon, to‘p bilan birga darvoza ichkarisiga kirib ketdi - 0:1.

Reshford bu zarbasi orqali bir vaqtning o‘zida Shevchenkoning 1999 yili Filimonov darvozasiga urgan golini va Ronaldino 2002 yili Devid Simenga urgan golini eslatib yubordi.

O‘yin oxirida 18 yoshida Chempionlar ligasida o‘yin o‘tkazgan va tarixga kirgan Mile Svilarni «MYu» futbolchilari Romelu Lukaku va Devid de Xea yupatishdi.

Bu natijadan keyin «Benfika»da guruhdan chiqish uchun amalda imkoniyat qolmadi, jamoasi 3 o‘yinda 3 g‘alabaga erishgan Joze Mourino esa barchasidan rozi.


TsSKA - faqat nol

TsSKA – Bazel – 0:2 (0:1)
Gollar: Chaka, 29 – 0:1. Oberlin (Chaka), 90 – 0:2.

Bir kun oldin «Sevilya»ni yirik hisobda mag‘lub etib «Spartak» rossiyalik muxlislarni qanchalik xushnud qilgan bo‘lsa, «Bazel»ga qarshi o‘yinda hech narsa qila olmagan TsSKA ularni shu qadar ranjitdi. 

Moskvaliklar jamoasi bu o‘yinda juda yomon himoyalanishdi, ikkita gol o‘tkazib yuborildi, shu bilan birga hujumda juda yomon harakat qilishdi - raqib darvozasi tomon biron marta aniq zarba yo‘llanmadi. Endi TsSKA Yevropa Ligasi yo‘llanmasi uchun «Benfika» bilan raqobatlashadi.

31 oktabr. Bazel – TsSKA, Manchester Yunayted – Benfika.


Xaynkes va nostalgiya

V guruhi
Bavariya – Seltik – 3:0
Gollar: Myuller (17), Kimmix (29), Hummels (51).

«Kechuvda otlarni alishtirgan», boshqaruvga Yupp Haynkesni qaytargan «Bavariya» yangi bosqichni boshladi. Qaytishidan keyingi ilk o‘yinda yirik g‘alabaga erishgan Haynkes Chempionlar ligasida ham yirik hisob qayd etdi. «Seltik»ka qarshi o‘yinning boshidayoq nemislar 2ta gol urishdi, avvaliga Kimmih Myullerni golli pas bilan ta'minladi, ko‘p o‘tmay uning o‘zi gol muallifiga aylandi.

Bu o‘yinda maydonga tushgan Aren Robben YeChLda 100 o‘yin o‘tkazgan ikkinchi niderlandiyalik futbolchiga aylandi. Faqat Klarens Zeyedorfning natijasi hozircha unikidan yaxshiroq (125 o‘yin). Robbenda Zedorfni ortda qoldirish uchun hali imkoniyat bor. U yubiley uchrashuvida Hummels urgan uchinchi golga pas berdi.


Yevropani titratayotgan uchlik

Anderlext – PSJ – 0:4
Gollar: Mbappe, 3. Kavani, 44. Neymar, 66. Di Mariya, 88.

«PSJ» Yevropadagi raqiblarini yanchib tashlashda davom etmoqda. Parijliklar bu mavsumda hali mag‘lubiyatga uchramagan jamolardan biri bo‘lib qolmoqda, YeChL guruh bosqichidagi 3 o‘yinda ham g‘alabaga erishdi. Bu uch o‘yinda jami 12ta gol urildi va bitta ham gol o‘tkazilmadi.

Kilian Mbappe hisobni ochish orqali Chempionlar ligasida gol urgan 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar orasida eng samarador futbolchiga aylandi. Ushbu yosh fransuz turnirda urgan gollari sonini 8taga yetkazdi. Bu orqali u Patrik Klyuyvertni ham ortda qoldirdi.

Kavani birinchi bo‘lim oxirida gol urish orqali YeChLda qatorasiga 7 o‘yinda gol urgan uchinchi futbolchi bo‘ldi. Faqat Krishtianu Ronaldu (8) va Ruud van Nistelroy (9) undan oldinda. Urugvaylik futbolchi guruhdagi qolgan 3 uchrashuvda ham gol ursa, portugaliyalik va niderlandiyalik futbolchini ortda qoldirib ketishi mumkin.

Neymar jarima zarbasini golga aylantirdi, to‘rtinchi gol Di Mariya tomonidan urildi. Parijliklarning 222 million yevrolik futbolchisi uchun bu Chempionlar ligasidagi 24-gol bo‘ldi. U turnirdagi eng samarador futbolchilar qatorida faqat Kakadan (30 gol) ortda qolmoqda.

31 oktabr. Seltik - Bavariya, PSJ - Anderlext.


Madridliklarda muammo

S guruhi
Qorabog‘ – Atletiko – 0:0

Diyego Simeone shogirdlari muammolarga duch kelmoqda. Jamoa qatorasiga to‘rtinchi o‘yindirki, g‘alaba qozona olmadi (3 durang, 1 mag‘lubiyat). Bokuda g‘alaba «Atletiko»ga suv va havodek zarur edi. «Matraschilar» o‘tgan turda kutilmaganda o‘z uyida «Chelsi»ga yutqazgan va guruhdagi holatini og‘irlashtirgandi. Ammo «Qorabog‘» Chempionlar ligasidagi ilk ochkosi uchun qattiq kurashdi va maqsadiga yetdi. Madridliklar o‘yindagi ilk zarbasini 30 daqiqa o‘tibgina bera olishdi.

Ozarboyjonliklar bu o‘yinda hakam qaroridan jabrlanishdi. 75-daqiqada Diyego Godin o‘z jarima maydonchasida Dino Ndlovuni yiqitdi, hakam esa penalti o‘rniga mezbonlar hujumchisiga ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatdi. Ammo ozarboyjonliklar kamchilik bo‘lib qolgach ham mardonavor o‘yin ko‘rsatishdi. Madridliklar esa guruhdan chiqish imkoniyatlarini keskin pasaytirishdi.


Londondagi aqlsizlik

Chelsi – Roma – 3:3
Gollar: David Luiz (11), Azar (37, 75) – Kolarov (40), Djyeko (64, 70)

Chorshanbaning eng qiziq o‘yini Londonda bo‘lib o‘tdi. «Chelsi» va «Roma» «Atletiko»ning Ozarboyjonda ochko yo‘qotishidan ilhomlanib ketdi va faqat hujumda o‘yin ko‘rsatishdi. Ular S guruhi yetakchiligi uchun kurash olib borishdi. Londonliklar David Luizning chiroyli zarbasi bilan boshlashdi.

Keyinroq Azar ikkinchi golga olib kelgan hujumni boshlab, uni o‘zi a'lo darajada yakunladi.

Ichki chempionatdagi oxirgi turda «Napoli»ga yutqazgan (0:1) rimliklar qatorasiga ikkinchi mag‘lubiyatga rozi bo‘lishmadi. Avvaliga Kolarov hisobni qisqartirdi.

«Roma» uchun yuzinchi uchrashuvini o‘tkazgan (barcha turnirlar doirasida) Edin Djyeko esa ikkinchi bo‘limda 6 daqiqa ichida 2ta gol urdi.

Djyeko uchinchi golini urishga ham yaqin edi (bu vaqtda hisob 3:3 edi, Azar ham dubl qayd etgandi), ammo to‘p darvoza to‘sinidan qaytdi. Londondagi gollar bravadasidan keyin guruhda inglizlar va italyanlar pley-offga chiqish uchun nisbatan yaxshi imkoniyat hosil qilishgan.

31 oktabr. Atletiko - Qorabog‘, Roma - Chelsi.

 

Messining yubiley goli

D guruhi
Barselona – Olimpiakos – 3:1

Gollar: (Nikolau (avtogol), 18. Messi, 61. Din, 64 – Nikolau, 90.

«Barselona»da bu mavsumda yangi to‘purar, vengercha familiyalarni eslatuvchi «Avtogol». Messi 15 gol urgan, jamoaning ikkinchi hujumchisi Suaresda 3 gol bor, ikkinchi o‘rinda 5ta gol bilan Avtogol. «Olimpiakos» futbolchisi Dimitrios Nikolau ham navbatdagi avtogol muallifi bo‘ldi, ko‘rinishidan u «Kamp Nou»da yig‘ilgan katalonlarning «IN-DE-PEN-DEN-CI-A» («Mustaqillik») deya baqirishidan cho‘chib ketgan. U 18-daqiqada hisobni ochdi.

Birinchi bo‘lim oxirida «Barselona» yana bir gol urgandi, ammo bu gol qo‘l bilan urilgan deb topildi jamoa o‘n kishi bo‘lib qoldi – takroriy lavhalar Pike to‘pni qo‘li bilan darvoza to‘riga yo‘naltirganini ko‘rsatdi va futbolchi o‘yinni tashqaridan tomosha qiladigan bo‘ldi. Bu uning «Barselona»dagi faoliyatida Chempionlar ligasida ilk marta qizil kartochka olishi bo‘ldi (92 o‘yin).

Greklar ikkinchi bo‘limni bir kishi ko‘p bo‘lib o‘tkazishganiga qaramasdan hech narsa qila olishmadi. Kataloniyada quyib turgan yomg‘ir va Messi ularga hech qanday imkoniyat bermadi, avvaliga Messi jarima zarbasini golga aylantirdi. Bu uning YeChLdagi 97-goli, yevrokuboklardagi yuzinchi goli bo‘ldi. Uning 2017 yilda urgan gollari soni 50taga yetdi. U keyinroq Lyuka Dinga golli pas yetkazib berdi - 3:0.

Nikolau o‘yin oxirida nomini yana bir bor tabloga yozdirdi, bu safar u raqib darvozasini ishg‘ol etdi 1:3. Hozircha «Barsa» D guruhida yo‘qotishlarsiz ketmoqda.


Turindagi iroda

Yuventus – Sporting – 2:1
Gollar: Pyanich, 29. Mandjukich, 84 – Aleks Sandro, 12 (avtogol)

O‘tgan turda «Sporting» futbolchisining avtogoli «Barselona»ga g‘alaba keltirgandi, bu safar portugaliyaliklar avtogoldan foydalanishdi. Turindagi o‘yinning 12-daqiqasida Aleks Sandro o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ygach, «sherlar» jamoasi hisobda oldinga chiqdi.

Ammo maydon egalari Turinda qatorasiga ikkinchi mag‘lubiyatga rozi bo‘lishmadi (ichki chempionatning oxirgi turida «Latsio»ga mag‘lub bo‘lingandi). Miralem Pyanich jarima zarbasini golga aylantirdi va u uch jamoa safida YeChLda jarimadan gol urgan ilk futbolchiga aylandi («Lion», «Roma» va «Yuventus»), o‘yin yakunlanishi arafasida esa Mandjukich «Yuve»ning irodali g‘alabasini ta'minladi - 2:1.

31 oktabr. Olimpiakos P - Barselona, Sporting L - Yuventus.

YeChLda 3 turning eng asosiy hodisalari 

Ko‘proq yangiliklar: